Shaxmat: Fransiyadagi “aql janglari” Germaniyada davom etadi
Fransiyaning Parij shahrida poyoniga yetgan “Freestyle Chess Grand Slam Paris” xalqaro turnirida Nodirbek Abdusattorov 8-o‘rindan joy oldi.
Kecha so‘nggi tur o‘yinlarining final bahsida norvegiyalik Magnus Karlsen amerikalik Xikaru Nakamuru bilan durang o‘ynadi va bir kun oldingi g‘alabasi evaziga 1,5:0,5 hisobida 1-o‘rinni egalladi.
3-o‘rin uchun germaniyalik Vinsent Keymer va amerikalik Fabiano Karuana o‘rtasidagi kurashda okean orti vakili g‘oliblikni tantana qildi.
Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov bir kun muqaddam 7-o‘rin uchun kurashning ilk o‘yinida FIDE bayrog‘i ostida harakatlangan rossiyalik Yan Nepomnyashiyga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, ikkinchi bahsda ishonchli harakat qildi. Qaysidir vaziyatlarda ustunlikka ham ega bo‘lgandi. Teng kurashlar ostida o‘tgan o‘yinning 70-yurishida durangli holatda Nodirbek raqibiga ochiqchasiga g‘alabani taqdim etdi.

Bu, o‘z navbatida, Nepomnyashiyning 7, Abdusattorovning 8-o‘rinni egallashiga olib keldi.
Xalqaro turnirning beshinchi pog‘onasiga da’vogarlar bellashuvida hindistonlik Arjun Erigaisi fransiyalik Maksim Vashe-Lagravdan 1,5:0,5 hisobida ustun keldi.
Shu tarzda, umumiy mukofot jamg‘armasi 680 ming AQSH dollaridan iborat turnirda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 200, 2-o‘rin sohibi 140, 3-o‘rin 100, 4-o‘rin 60, 5-o‘rin 50, 6-o‘rin 40, 7-o‘rin 30, 8-o‘rin 20, 9-o‘rin 15, 10-o‘rin 10, 11 va 12-o‘rindan joy olganlar 7500 AQSH dollari bilan mukofotlandi.
Jahon shaxmat ishqibozlari e’tibor markazida bo‘lgan Parij bahslari tarixga aylandi. Lekin unda kechgan har bir o‘yin, 64 katakdagi shiddatli janglar mutaxassislar tomonidan chuqur tahlil etilayotgan bir paytda Germaniya Fransiya turniridan kam bo‘lmagan nufuzli musobaqaga mezbonlik qilish ostonasida turibdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17-21 aprel kunlari Germaniyaning Karlsrue shahrida o‘tkaziladigan “Grenke Freestyle Chess Open” turnirida 3 mingdan ortiq shaxmatchilar ishtirok etish talabnomasini taqdim etgan.
Turnirning asosiy ishtirokchilari qatoridan Magnus Karlsen, Xikaru Nakamura, Fabiano Karuana, Vinsent Keymer kabi nomdorlar o‘rin olgan.
Mazkur nufuzli musobaqada Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev kabi o‘zbek shaxmatining yetakchilari ham ishtirok etishi kutilmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA