O‘zbekiston Milliy terma jamoasini muhim o‘yinlar kutmoqda
Futbol bo‘yicha Osiyo qit’asida Jahon chempionati 3-saralash bosqichi doirasida O‘zbekiston terma jamoasi BAA va Qatar termalariga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi mazkur o‘yinlar bo‘lib o‘tadigan stadion hamda uchrashuv vaqtlarini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, BAA — O‘zbekiston o‘yini 5 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da Abu Dabidagi “Al Nahyan Stadium” stadionida bo‘lib o‘tadi. Saralashning so‘nggi uchrashuvida O‘zbekiston milliy terma jamoasi 10 iyun kuni Qatar termasiga qarshi maydonga tushadi. O‘yin “Bunyodkor” stadionida soat 18:45 da boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, saralash bahslarining 8-tur uchrashuvlari yakuniga ko‘ra, “A” guruhida Eron 20 ochko jamg‘arib, birinchi o‘rinda qoldi va ushbu terma jamoa muddatidan avval jahon chempionatiga yo‘l oldi.
O‘zbekiston termasi esa 17 ochko jamg‘arib, ikkinchi pog‘onadagi o‘rnini yanada mustahkamladi. BAA safardagi g‘alaba evaziga 13 ochko bilan uchinchi o‘ringa joylashdi. Qatar termasi 10 ochko bilan, Qirg‘iziston esa 6 ochko bilan 4-5-o‘rinlardan siljimadi. KXDR hamon 2 ochko bilan so‘nggi pog‘onada bormoqda.

Agarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi 9-turda BAAga qarshi o‘tadigan safar o‘yinida har qanday hisobdagi g‘alaba yoki durang qayd eta olsa, Jahon chempionatiga yo‘l oladi. Agar kutilmaganda mag‘lub bo‘lsak, guruhdagi so‘nggi uchrashuvda, aniqrog‘i Qatarga qarshi Toshkentda o‘tadigan o‘yinda albatta g‘alaba qozonishimiz kerak bo‘ladi. BAA esa o‘sha kuni safarda Qirg‘iziston bilan raqobatlashadi.
Umid qilamizki, hammasi BAA termasiga qarshi o‘tadigan o‘yinda ijobiy hal etiladi va futbolimiz tarixida yana bir quvonchli natija zarhal harflar bilan yoziladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA