Sambochilarimiz Osiyo-Okeaniya chempionatining ilk kunida 25 ta medalga sazovor bo‘ldi

Xabaringiz bor, poytaxtimizda sambo bo‘yicha Osiyo-Okeaniya chempionati o‘tkazilmoqda. Musobaqaning ilk kunida erkaklar va ayollar o‘rtasida uchtadan vazn toifalarida sambo, shuningdek jangovar sambo yo‘nalishida bahslar bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, zaif ko‘ruvchilar va ko‘zi ojizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda ham g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.

Quvonarlisi, mazkur yo‘nalishlarda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan sambochilarimiz 14 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza jami 25 ta medalga ega chiqdi.
Bugun Osiyo-Okeaniya chempionatida 16 ta medallar jamlanmasi o‘z egalarini topadi. Shuningdek, soat 16:00 da musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. So‘ngra soat 17:00da final bellashuvlariga start beriladi.

Musobaqa doirasida Osiyo-Okeaniya uyushmasining navbatdagi Kongressi bo‘lib o‘tdi. Kongressda tashkilot prezidenti Alamjon Mullayev, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov, Xalqaro sambo federatsiyasi rasmiylari, Osiyo-Okeaniya sambo uyushmasiga a’zo mamlakatlar delegatlari ishtirok etdi.

Kongress davomida bir qator tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Shu jumladan, tashkilotga yangi prezident saylash masalasi ham kun tartibidan o‘rin oldi.

Quvonarlisi, hamyurtimiz Alamjon Mullayev bir ovozdan yangi muddatga tashkilot prezidenti etib saylangan bo‘lsa, O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov esa Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezident lavozimiga tayinlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA