Yaxshi dunyo bola tarbiyasidan boshlanadi

“Xalqaro minbar” loyihasida “Arab News” nashri katta muharriri Arnab Nil Cyenguptaning “Yaxshi dunyo bolalarni tarbiyalashdan boshlanadi” sarlavhali maqolasi taqdim etiladi.
O‘tgan asr 60-yillari o‘rtalaridan 80-yillarigacha tug‘ilganlar, ya’ni “gen xers” – Ekserlar avlodi uchun bugungi dunyo tobora murakkablashib borayotgandek tuyulishi mumkin. Hozir siyosiy muammo, iqtisodiy noaniqlik yoki tez o‘zgaruvchan ijtimoiy me’yor odatiy holga aylangan. Ko‘pincha biz mashhur iqtibos, tarjimai hol, nutq va hatto, podkastdan ma’qul yechim qidiramiz. Afsuski, gullab-yashnayotgan jamiyatning eng asosiy me’mori – farzandimizni e’tiborsiz qoldiramiz.
Yaxshi dunyo mavhum g‘oyaga emas, balki ota-onaning kelgusi avlodga qoldiradigan qadriyati, ko‘nikmasi va xususiyatiga asoslanadi. Kundalik hayot bosimi va zamonaviy dunyo talabi ostida bo‘lsa ham, ota-ona erta bolalik tajribasi kognitiv va hissiy o‘sish uchun asos bo‘lishini unuta olmaydi. Demak, go‘daklikdan o‘smirlikkacha bo‘lgan davrda tarbiyalanuvchi uchun muhit – zarurat. Yosh yigit yoki qizning ota-ona, tarbiyachi, do‘st, o‘qituvchi va atrofdagi dunyo bilan munosabati uni intellektual jihatdan shakllantiradi.

Farzandimizga ommaviy axborot vositasi ham sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Medianing ijobiy ta’siri doimiy ijtimoiy-ruhiy ko‘nikma hosil qilib, bolaga o‘z his-tuyg‘usini boshqarish, jamiyat bilan sog‘lom munosabat o‘rnatish imkonini beradi. Aksincha, qizg‘in ritorika, noto‘g‘ri hikoya, zo‘ravonlik va salbiy ta’sirga ega manba uni noto‘g‘ri yo‘lga boshlaydi, ongli kamolotini kechiktiradi.
Dunyoning turli mintaqalarida olib borilgan tadqiqotlar farzand tarbiyasida ota-ona ishtirokining sezilarli afzalligini doimiy ravishda isbotlamoqda. Ota-onasi amaliy mashg‘ulot o‘tadigan bola, odatda, akademik jihatdan yaxshi natijaga erishadi. Kattalar nafaqat uy vazifasini bajarishda yordam berishi, balki o‘rganishga qiziqish uyg‘otishi, harakatni rag‘batlantirishi, bola o‘z imkoniyatini o‘rganishi uchun qulay muhit yaratishi bor gap.
Hindistonlik-amerikalik ishbilarmon ayol Indra Nui “Mening butun hayotim: ish, oila va kelajagimiz” kitobi va ko‘plab intervyularida o‘z yutuqlarini intizom, mehnatsevarlik va minnatdorlik singdirilgan ruhiyat mahsuli ekanini ta’kidlaydi. U Hindistonning Chennai shahridan AQSHda joylashgan “PepsiCo” kompaniyasi bosh direktorligigacha bo‘lgan pillapoyani bosib o‘tgan.
– Men o‘z oilam, olgan tarbiyam, shahrim va qishlog‘im mahsuliman, – degandi u intervyularining birida.
Oila ta’lim jarayoniga muayyan ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy-iqtisodiy holat bolaning ilmiy yutuqlarida aks etadi. Shuning uchun tibbiyot, huquq, muhandislik, biznes, matematika va adabiyot bo‘yicha mukammallik barcha emas, balki ba’zi oilalarda namoyon bo‘ladi.
Salbiy tomoni shundaki, bu tendensiya bartaraf etish qiyin kechadigan tengsizlikni kuchaytirishi mumkin. Bu global muammo. Masalan, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning ko‘pgina hududlarida sifatli ta’lim olish imkoniyati notekisligi bois kam ta’minlangan oilalar bolalari muvaffaqiyatga erishish yo‘lida jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda.
Qo‘shnilar va tengdoshlar ta’siri muhimligini ham tan olish kerak. Kam ta’minlangan oila farzandining badavlat do‘sti yoki sinfdoshi bilan aloqa o‘rnatishi turli xil ijtimoiy munosabatlarni yuzaga chiqaradi.
Oila va jamoat rishtasi chuqur qadrlanadigan dunyo bolalarni yaxshi tarbiyalash uchun madaniy imkoniyatdan foydalanishi zarur. Yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, mustahkam oilaviy tarmoq va axloqiy tarbiyaga e’tibor qaratish orqali bola rivojlanishi va tengqurlariga namuna bo‘lishi uchun qulay muhit yaratish mumkin.
Zamonaviy ta’lim usullarini qo‘llash, gender tenglikni ta’minlash va bola rivojiga to‘sqinlik qiladigan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish zarurati hech qanday chegarani tan olmaydi.
Ayni mas’uliyatni zimmaga olgan holda, har bir avlod jamiyat kelajagini ta’minlaydigan taraqqiyotga hissa qo‘shishi lozim. Bu muhim qadriyat va qarorlar, amaliy sa’y-harakatlarni taqozo qiladi.
Xullas, yaxshiroq dunyoni yaratish uy, maktab va jamoadan boshlanadi. Bola farovonligi uchun sarmoya kiritish, farzandlar salohiyatini yuksaltirish orqaligina insoniyatning porloq kelajagini ta’minlash mumkin. Mazkur jarayon jamoaviy sadoqat talab etadi. Bugungi jamiyat tarbiyalayotgan bolalar ertangi yaxshi yoki yomon dunyoni belgilaydi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA