Britaniya va Fransiyaning Ukraina bo‘yicha rejasi

Bryusselda Buyuk Britaniya va Germaniya raisligida Ukraina bo‘yicha aloqa guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Birlashgan Qirollik mudofaa vaziri Jon Xili “Times” gazetasi ijtimoiy tarmoqda namoyish qilgan matbuot anjumanida Kiyevga yana 21 milliard yevrodan ko‘proq harbiy yordam va’da qilinganini aytdi. Masalan, Kiyevga 350 million funt sterling qiymatga ega radar tizimi, tankka qarshi mina va yuz minglab dron beriladi. Shuningdek, harbiy texnika ta’miri xizmati uchun ham mablag‘ ajratiladi. Britaniya hukumati veb-saytida ta’kidlanishicha, bu 2025 yil uchun va’da qilingan to‘rt yarim milliard funt sterling yordamning bir qismi.
Britaniya va Fransiya rasmiylari Ukraina bo‘yicha kelishuvga hissa qo‘shishga tayyor “xohlovchilar koalitsiyasi” yozma bayonotini baholab, Trampga xavfsizlik kuchlarini joylashtirish rejasini taqdim etadi. Ayni masalaga oid bayonotlar keyingi hafta oxirigacha tayyor bo‘lishi kerak. Oy oxirida London va Parijda yakuniy to‘xtamga kelinadi.
Prezident Emmanuel Makron 27 mart kuni bo‘lib o‘tgan Parij sammiti yakunida koalitsiyaning qator vakillari tomonidan Ukrainaga tiyib turuvchi kuchlar yuborilishi rejalashtirilayotganini aytdi. Ta’kidlanganidek, ikki davlat tashabbusi Ukraina qo‘shini o‘rnini bosa olmaydi, “tiyib turuvchi kuch” tinchlikparvar maqom kasb eta olmaydi. Asosiy maqsad Rossiyani to‘sib qo‘yish va ukrainaliklar bilan birga oldindan belgilangan strategik joylarga o‘rnashish. Farang yetakchisi ayni tashabbusga hamma rozi emasligini bildirarkan, aslida bunga zarurat ham yo‘qligini ta’kidlagan.
“Bloomberg” yozishicha, Pentagon rahbari Pit Xegset Kiyevni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aloqa guruhi yig‘ilishida Yevropa tomonidan Kiyevga yordam kuchaytirilishini olqishlagan. Shu bilan birga AQSH ma’muriyatining xavfsizlik kafolati masalasiga yondashuvi o‘zgarmaganini qo‘shimcha qilgan.
S.Rahimov, O‘zA