Prezident: boy tarixiy-madaniy merosimiz, go‘zal va betakror tabiatimiz sayyohlarni ikki-uch karra oshirishga yetadi

163

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

So‘nggi yillarda turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3,5 milliard dollarga yetdi. Bu sohada 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. Muhimi – o‘tgan yili xorijiy sayyohlar oqimi ilk bor 10 millionlik marradan o‘tdi. 

Hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanayotgani ta’kidlandi.

Xususan, o‘tgan 8 yilda mahalliy va xorijiy investorlar 6,5 milliard dollar sarmoya kiritib, 130 ming mehmonxona o‘rni yaratdi. Bu yili ular yana 30 mingga ko‘payadi.

Parkentning “Oltin bel” cho‘qqisida xalqaro darajadagi yangi tog‘-chang‘i zonasi barpo etilayapti. Fransiyaning “Kurshavel” tog‘-changi kurorti tog‘li hududlarimizda Yevropa standartiga mos turizm maskanlarini tashkil qilishga katta qiziqish bildirmoqda.

–Bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Boy tarixiy-madaniy merosimiz, go‘zal va betakror tabiatimiz sayyohlarni 2-3 karra oshirishga yetadi, – dedi Prezident.

Turizmning iqtisodiyotdagi ulushini 7 foizga, eksportni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha 2040 yilgacha strategiya ishlab chiqilayotgani ta’kidlandi.

O‘zA