Mo‘ynoqni rivojlantirish choralari davom etmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i Z.Turdaliyev mas’ul qilib belgilangan Mo‘ynoq tumanida mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda aholining doimiy daromadga ega bo‘lishini tashkillashtirish, tomorqa yerlarida dehqonchilik qilayotgan, issiqxonalar tashkil etgan aholi bilan eksporter korxonalar, broker va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar o‘rtasida kooperatsiya tuzish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi seminar mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Unda mas’ullar tomorqa yerlarida issiqxona, dehqonchilik tashkil qilgan, chorvachilik va parrandachilik bilan shug‘ullanishni yo‘lga qo‘ygan aholi faoliyatini yaqindan o‘rgandi.

Ta’kidlash joiz, tumandagi 5 ming 775 ta xonadondan jami 3 ming 823 tasida tomorqa bilan shug‘ullanish imkoni mavjud. Joriy yilda jami 156 gektar yer maydoniga tomorqa ekinlarini ekish reja qilingan. Tumandagi aholi yashash punktlarida uy sharoitida chorvachilikni tashkil etish bo‘yicha chorva mollarini xarid qilish uchun jami 116 ta xonadonga imtiyozli davr bilan kredit ajratilishi ta’minlandi. Aholi bandligini ta’minlash maqsadida hozirgi kunga qadar tumanda 41 ta ishlab chiqarish va 100 ta xizmat ko‘rsatish ob’ekti faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda mahalliy aholi doimiy ish bilan ta’minlanmoqda.
Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida bugungi kunda chorva mollari sonini ko‘paytirish, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish yo‘nalishlarida jami 3 ta kooperatsiya tashkil etilgan.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.