Millatlararo totuvlik va do‘stlik bayrami
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Biz – bir oila farzandlarimiz!” shiori ostida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” mavzusida bayram kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari R.Nurazizov, institut rektori Q.Qodirov so‘zga chiqib, bugungi kunda yurtimizda bir yuz o‘ttizdan ortiq millat va elat vakillari bir oilaning farzandlaridek ahil-inoq yashab, turli sohalarda samarali mehnat qilayotganini ta’kidladi.

Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi kafedrasi mudiri Ye.Tileuov yurtimizda barcha millat va elatlarning tili, madaniyati, urf-odat va an’analarini saqlash hamda rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilganligi, davlatimiz tomonidan turli millatlar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibatni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotganligiga alohida e’tibor qaratdi.

Nukus davlat pedagogika instituti ham – ko‘p millatli ahil oila. Mazkur oliy o‘quv yurtida 17 ming nafarga yaqin talaba-yosh tahsil olmoqda. Ta’lim 5 tilda olib boriladigan o‘quv dargohida qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq, turkman, rus, ukrain, koreys, qirg‘iz, tojik, ozarbayjon, boshqird, uyg‘ur va tatar millatiga mansub talabalar bir oila farzandlaridek, hamjihatlikda o‘qimoqda.

So‘zga chiqqanlar bugungidek globallashuv sharoitida ko‘plab davlatlarda yuz berayotgan milliy, diniy va etnik nizolar sharoitida bizning yurtimizda turli millat vakillarining tinch-totuv, farovon hayot kechirishi yurtimizda olib borilayotgan ushbu yo‘nalishdagi to‘g‘ri siyosatning natijasi ekanligiga alohida to‘xtaldi.

Tadbir institutning “To‘maris” xalq ansambli va iqtidorli talabalari ijrosidagi bayram konserti bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.