Kambag‘allikdan farovonlik sari

156

FOTOREPORTAJ

Mamlakatimizda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, ularni farovon turmush sharoitlari bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yil Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham 1100 oilani kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, bu borada manzilli yo‘l xaritasi belgilangan.

Og‘ir hududga kiritilgan 89 mahallada fuqarolarga munosib turmush sharoitini yaratish, bandligini ta’minlash, subsidiyalar ajratish orqali o‘zini o‘zi ta’minlashga ko‘maklashish yo‘nalishida bosqichli ishlar olib borilmoqda. Jarayonda tomorqadan unumli foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotir.

Tomorqachilikda sug‘orish masalasi ahamiyatli mavzu. Shu bois, bugungi kunda og‘ir hududga kiritilgan mahallalarda tomorqa yerlariga kanallardagi oqar suvlarni yetkazib berish ishlari bajarilmoqda. Nukus shahridagi “Samanboy” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisining ushbu xayrli ishlardan ko‘ngli to‘q. Chunki, uy oldi tomorqalarini sug‘orishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan aholining muammosi yechim topmoqda.

Mahalla hududidan oqib o‘tivchi Bӯzatov kanali yonidan quvvati 2500 metr kub suvni tindirish imkoniyatiga ega, uzunligi 70 metr, eni 12 metr va chuqurligi ikki yarim metr bo‘lgan suv omborining qurilish ishlari juda qizg‘in. Qurilish “Aralmexanizatsya” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan olib borilyapti. Jarayonga 50 nafarga yaqin ishchi va bir nechta texnika jalb etilgan. Tomorqa yer egalariga oqar suvni yetkazib berish uchun barcha imkoniyatlar ishga solingan. Reja bo‘yicha 5 kilometrdan ortiq suv tarmoqlarini tortish belgilangan bo‘lib, hozirda ishlar yakunlanish arafasida.

Loyiha samarasida mahalladagi 947 ta xonadonning tomorqasi oqar suv bilan ta’minlanadi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA