Anvar To‘ychiyev: Assambleyada iqlim o‘zgarishi zararlarini yumshatish borasidagi O‘zbekiston tajribasi e’tirof etildi

107

Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar Tuychiyev bu haqda fikrlarini bildirdi:

– Assambleya doirasida Parlamentlararo Ittifoq raisi Tuliya Ekson hamda BMTning cho‘llanishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyasining Aloqa, tashqi hamkorlik bo‘limi rahbari Kseniya Skenlon bilan birgalikda BMT Cho‘llanishning oldini olish to‘g‘risidagi konvensiyasining yer qonunchiligi muhokamasiga bag‘ishlangan konferensiyasini o‘tkazdik.

Konferensiyada yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, parlamentarizm va vakillik hokimiyatini rivojlantirish borasida erishilayotgan natijalar e’tirof etildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan iqlim o‘zgarishlariga moslashish bo‘yicha strategiya ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilayotgani hamda bugungi kunda bu o‘z natijalarini berayotgani aytib o‘tildi.

Shu bilan birga, bu borada Yevropa bilan mintaqaviy muammolardan biri bo‘lgan Orol dengizi qurishi oqibatlarini yumshatish, suvdan oqilona foydalanish, “toza” energiya manbalarini kengaytirish dasturlari doirasida muvaffaqiyatli hamkorlik olib borilayotgani, bunday sheriklik Markaziy Osiyoda barqaror “yashil” rivojlanishga muhim hissa qo‘shayotgani ham ta’kidlab o‘tildi.

Bundan tashqari, havo haroratining keskin ko‘tarilishi kuzatilayotgani, bu so‘nggi o‘n yillikda eng issiq davr bo‘lgani, bu ham iqlim inqirozlarining salbiy ta’sirlarini kuchaytirib, o‘rmon yong‘inlari va cho‘llanish kabi salbiy oqibatlarga olib kelayotgani, mavjud muzliklarning qisqarib borayotgani, oqibatda  suv resurslari taqchilligi kuzatilib, havoning sifati yomonlashayotgani haqida fikr almashildi.

Konferensiyada bugungi kunda iqlim o‘zgarishlari sababli mintaqadagi umumiy yer maydonining 20 foizdan ortig‘i degradatsiyaga uchragani, bu kelgusi 25 yilda hosildorlikning uchdan bir qismga kamayib ketishiga olib kelishi kabi masalalarga Prezidentimiz tomonidan ham alohida e’tibor qaratayotgani ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari o‘rmon xo‘jaligi va agrar sohaning moslashuvchanligini oshirish, shuningdek, “Ufq – Yevropa” dasturi doirasida oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash uchun ilmiy salohiyatimizni birlashtirish bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslari tadbir ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.

Bundan tashqari, cho‘llanish hamda iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga keladigan zararlarni yumshatish borasida mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish ishlari boshlangani aytib o‘tildi.

O‘tgan yillarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qariyb 200 million tup mevali, manzarali daraxt ko‘chatlari ekish tadbirlari amalga oshirilib, respublikamizda 400 yaqin yashil bog‘lar va yashil belbog‘lar barpo etilgani hamda Orolbo‘yining 2 million gektaridan ortiq cho‘l hududlarida qurg‘ochqilikka chidamli o‘simliklar ekilgani keltirib o‘tildi.

Qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishilgani hamda konferensiya yakunida ilgari surilgan tashabbuslarni O‘zbekistonda to‘liq qo‘llab-quvvatlanishiga ishonch bildirildi.

Shuningdek, Parlamentlararo tashkilotlar doirasida yaqin hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldik.

Norgul Abduraimova,

O‘zA