Rossiya – Ukraina: Zelenskiy nishondami?

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tug‘ilib o‘sgan Krivoy Rog shahriga qarata uyushtirilgan raketa hujumi tufayli 19 kishi, jumladan to‘qqiz bola halok bo‘ldi, deb yozdi CNN. Bu joriy yildagi eng halokatli zarbalardan biri bo‘lgani aytilmoqda.
– Jarohatlangan 72 kishi orasida uch oylik chaqaloq ham bor, – deya izohlagan voqeani mer Aleksandr Vilkul. – Natijada o‘nlab ko‘p qavatli uy, olti ta’lim muassasasi hamda do‘konlar, bir necha korxonaga zarar yetdi.
Darvoqe, mazkur shahar so‘nggi oylarda qayta-qayta hujumga uchragani ta’kidlangan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp mojaroga tezda barham berishga va’da berdi, ammo hozircha kelishuvga erishilmadi. Ukraina ittifoqchilari fikricha, Rossiya jang maydonida ustunlikni qo‘lga kiritishga urinib, muzokarani kechiktirmoqda.
Ukraina yetakchisi hodisadan ko‘p o‘tmay e’lon qilgan tungi murojaatida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA