“Top Coach” platformasi – yoshlar va xalqaro ta’lim o‘rtasidagi ko‘prik
Yoshlar ijod saroyida Yoshlar ishlari agentligi va “Top 100 Uni” loyihasi doirasida “Top Coach” platformasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida loyiha rahbari Orzugul G‘oyibova yangi yaratilgan “Top Coach” platformasining imkoniyatlari va maqsadlari haqida atroflicha ma’lumot berdi.


Qayd etilganidek, ushbu platforma mamlakatimizda xorijda o‘qishni maqsad qilgan yoshlar uchun yo‘l ko‘rsatadigan ustoz bo‘la oladi va xalqaro ta’limga yetaklovchi ishonchli ko‘prikka aylanadi. Bu yerda foydalanuvchilar tajribali mentorlar bilan ishlash, AI yordamida insholar yozish va tekshirtirish, turli kurslar va darslardan foydalanish hamda individual konsultatsiyalarga yozilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Platforma “Top 100 Uni” loyihasi doirasidagi oromgohlar va tadbirlar haqida birinchilardan bo‘lib xabardor bo‘lish imkonini yaratadi.

Taqdimotda qatnashuvchilar uchun amaliy seminar va konsultatsiyalar ham tashkil etildi. Taqdimotning yana bir muhim qismlaridan biri — dunyoning eng nufuzli universitetlariga 100 foiz grant asosida qabul qilingan yoshlar bilan bo‘lgan jonli suhbatlar bo‘ldi. Iqtidorli va xorijning nufuzli universitetlarida o‘qiydigan yoshlar o‘z muvaffaqiyatlari va yutuqlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbir yakunida faol va omadli ishtirokchilarga turli qimmatbaho vaucherlar, shu jumladan SAT kurslari uchun sertifikatlar, yozgi “Top 100 Uni” 2025 uchun “Golden Ticket” va boshqa esdalik sovg‘alar topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA