Gimnastikachi qizlarimiz jahon kubogida to‘rtta medalni qo‘lga kiritdi

Bolgariyaning Sofiya shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi seriyasining birinchi bosqichi O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchun muvaffaqiyatli o‘tdi.
Musobaqaning yakkalik bahslarida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Taxmina Ikromova bulavada mashq bajarishda 27,2 ball jamg‘arib, kumush medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, to‘pda mashq bajarishda 27,15 ball bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, u ko‘pkurash yakunlariga ko‘ra 109,85 ball to‘plagan holda bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Kubokda Mumtozabonu Ishoqzoda, Irodaxon Sodiqova, Amaliya Mamedova, Evelina Atalyans, Adelya Fayzulina va Ruxshona Dehqonovadan iborat O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta to‘p va ikkita halqada mashq bajarishda 24,35 ball to‘plab, ikkinchi pog‘onadan joy oldi. Mazkur yo‘nalishda Ispaniya va Yaponiya termalari oltin hamda bronza medaliga ega chiqdi.
Endi jahon kubogi seriyasining navbatdagi bosqichi 18-20 aprel kunlari Ozarbayjonning Boku shahrida tashkil etiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA