Turkiyada chayonlarni tibbiy maqsadda yetishtirishga ruxsat berildi
Loyiha tabiiy dorivor manbalarni muhofaza qilishni ko‘zda tutadi. Turkiya hukumati 86 ta kompaniyaga chayonlar zaharidan tibbiy va kosmetik mahsulotlar ishlab chiqish uchun rasmiy litsenziya berdi. Bu loyiha doirasida Androktonus turkiyensis (zahari o‘ta kuchli qadimiy chayonlardan biri. “Erkaklarni o‘ldiruvchi” deb ham nomlanadi. Ushbu jonzot asosan iqlimi quruq cho‘l hududlarida uchraydi.) kabi noyob chayon turlariga alohida e’tibor qaratilgan.
Mutaxassislar chayon zaharini biofarmatsevtika sohasida yuqori qiymatli mahsulotlar tayyorlashda foydalanish mumkinligini ta’kidlamoqda. Shanliurfa, Konya va Elyazig kabi hududlarda ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, tabiatdan ruxsatsiz chayon to‘plash taqiqlangan: qonun buzuvchilarga 557 ming turk lirasi (taxminan 15 ming dollar) miqdorida jarima solinadi. Loyiha tabiiy dorivor manbalarni muhofaza qilish va eksportbop mahsulotlar yetishtirishni ko‘zda tutadi.
Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA