Parlamentlararo Ittifoqning Toshkent assambleyasida qanday masalalarga e’tibor qaratilmoqda?

187

Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasi o‘z ishini davom ettirmoqda. 2025 yil 5-9 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan nufuzli xalqaro anjumanda 190 ga yaqin davlatdan kelgan 2 mingga yaqin delegat, xalqaro tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.

 

Assambleya birinchi ish kunida uchrashuvlar, samarali muloqotlar tashkil etildi. Kun davomida Ayol parlamentariylar byurosi majlisi, Parlament ayol a’zolari forumining 39-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Assambleyaning tantanali ochilish marosimi ham o‘tkazildi.

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi asosida tashkil etilgan, “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida o‘tkazilayotgan Assambleya doirasida ijtimoiy taraqqiyotga erishish, adolatli jamiyatni barpo etishda parlamentlar ishtirokini kengaytirish va faolligini oshirishga qaratilgan turli tadbirlar va debatlar tashkil etilmoqda.

Xalqaro tadbirning ikkinchi ish kunida Assambleya boshqaruv qo‘mitasi, Boshqaruv kengashi, Sog‘liqni saqlash bo‘yicha maslahat guruhi majlislari o‘tkazildi. Tinchlik va xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy qo‘mita, Barqaror rivojlanish bo‘yicha doimiy qo‘mitalarda rezolyutsiya loyihasi muhokama qilindi. Yosh parlamentariylar forumi kengashi, Parlamentlar bosh kotiblari assotsiatsiyasi yig‘ilishi tashkil etildi. “Parlamentning ijtimoiy rivojlanish va adolat yo‘lidagi sa’y-harakatlari” mavzusidagi umumiy munozaralar boshlandi.

Bugun, 7 aprel – Assambleyaning uchinchi ish kunida umumiy debatlar davom etmoqda.

Assambleya ishida muhim voqelik bo‘lishi kutilmoqda –  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurib, nutq so‘zlashi kun tartibidan o‘rin olgan.

BMT ishlari bo‘yicha doimiy qo‘mita byurosi sessiyasi o‘tkaziladi. Tinchlik va xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy qo‘mita rezolyutsiya loyihasini ishlab chiqishni yakunlashi ko‘zda tutilgan.

Fan va texnologiyalar masalalari bo‘yicha ishchi guruh, Demokratiya va inson huquqlari masalalari bo‘yicha doimiy qo‘mita, Parlament a’zolarining Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi sessiyalari o‘tkaziladi.

Parlamentlar bosh kotiblari assotsiatsiyasi yig‘ilishi tashkil etiladi. Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha ishchi guruh sessiyasi bo‘lib o‘tadi.

Boshqa qo‘mitalarning ham yopiq sessiyalari tashkil etiladi. Favqulodda masala bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilishi rejaga kiritilgan.

N.Abduraimova,

N.Haydarov (surat),

O‘zA