Assambleyaning birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi
Toshkentda Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi davom etmoqda. Assambleyaning “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusidagi birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisni Parlamentlararo Ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson ochib berdi va parlamentlar jahon miqyosidagi ijtimoiy muvozanatni tiklash, barqarorlik va adolatni ta’minlashda hal qiluvchi siyosiy institut sifatida faol ishtirok etishi zarurligini alohida ta’kidladi.

Majlis davomida O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva Assambleya Prezidenti sifatida minbarga taklif etildi.
T.Norboyeva O‘zbekiston olib borayotgan ijtimoiy islohotlar, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish borasidagi keng ko‘lamli tashabbuslar va xalqaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, u barcha delegatsiyalarni ochiq muloqotga chorlab, yalpi majlis ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Assambleya doirasidagi fikr almashuvi yangi amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilishi, ular yakuniy hujjatlar asosida parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA