Biznes g‘oya va startaplar qo‘llab-quvvatlandi

Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” vakillari tomonidan “Yosh muvaffaqiyatli tadbirkor” loyihasi doirasida oliygohning bitiruvchi talaba yoshlari uchun seminar trening bo‘lib o‘tdi.
Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularni doimiy ish bilan band qilish, qo‘shimcha daromad olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga yaqindan ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan seminarda tajribali yosh tadbirkor Bobur Rajabov talabalarning biznes g‘oya va loyihalari bilan tanishib, biznes sohasidagi tajribasi bilan fikrlashdi.

Tadbir davomida O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining yoshlar muammolarini o‘rganish va biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mudiri Klara Xudaybergenova tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar tadbirkorligini hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhokamasiga bag‘ishlangan taqdimoti talaba yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi.
Unda farmon bo‘yicha yosh tadbirkorlarga kompleks xizmatlar ko‘rsatish, ularning faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida “Aloqa bank”ni yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch bank etib belgilash, zamonaviy tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish uchun yoshlarning startap va investitsiya loyihalariga imtiyozli moliyaviy mablag‘lar ajratish kabi loyihalar atroflicha muhokama etildi. Shuningdek seminar davomida oliygoh talabalarining biznes g‘oya va startaplari taqdimoti bo‘lib, tajribali tadbirkor va soha vakillari tomonidan yoshlarga sohaga oid ma’lumot hamda tavsiyalar berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri