Yevropa investitsiya banki O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlaydi

148

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 7 fevralda “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan. Farmonda mazkur strategiya va Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida belgilangan vazifalar ijrosini og‘ishmay tashkil etish, BMT Iqlim o‘zgarishi hadli konvensiyasi Kioto protokoli va Parij bitimi doirasida mamlakatning global hamjamiyat oldida olgan majburiyatlarini bajarishda tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish, raqobatbardoshlik va resurs tejamkorligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishi oqibatini yumshatish, sharoitga moslashish, aholining turmush sifatini yaxshilash va iqtisodiy o‘sishning yangi “yashil rivojlanish” modeliga o‘tish masalalari asosiy maqsad etib belgilangan.

Ayni jarayonda Yevropa investitsiya banki (YeIB) O‘zbekistonning barqaror rivojlanishida muhim o‘rin tutib, mamlakatning iqlim va infratuzilma maqsadlariga erishishga qaratilgan qator yirik loyihalarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

YeIB vitse-prezidenti Kiriakos Kakuris mulohazasiga ko‘ra, ushbu moliyaviy tuzilma Orol dengizini tiklash bo‘yicha Fransiya taraqqiyot agentligi bilan faol hamkorlik qilmoqda. Muhim ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy ta’sirga ega mazkur loyiha mintaqaviy va global ekologik foyda keltirishi kutilyapti.

– Biz Orol dengizini muvaffaqiyatli qayta tiklash tarafdorimiz, – deydi janob Kakuris. – Xavfni baholashga kompleks yondashuv samaradorlik, barqarorlik va mas’uliyat bo‘yicha eng yuqori standartga javob beradi. Bunday chora-tadbirlar ijobiy iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik natijani ta’minlaydi.

YeIB ko‘magi nafaqat dengizni tiklash, balki barqaror o‘rmon xo‘jaligini yaratishga ham taalluqli. Buning uchun yiliga qariyb 1,2 milliard yevro sarmoya kiritamiz. Bankimiz bu borada jahondagi yetakchi kreditorlardan biri hisoblanadi. Zero, biz 50 yildan buyon barqaror o‘rmon xo‘jaligi loyihalarini moliyalashtirib kelyapmiz. Sarmoyamiz biologiya xilma-xilligini saqlash, iqlimga chidamlilik, barqaror o‘rmonga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shadi. Ayni chora-tadbirlar Yevropa Ittifoqining iqlim o‘zgarishi oqibatini yumshatishga qaratilgan keng ko‘lamli maqsadlari, BMT BRMni qo‘llab-quvvatlashga mos keladi.

Shuningdek, YeIB Markaziy Osiyodagi boshqa sa’y-harakatlar, jumladan mintaqada transport infratuzilmasini yaxshilash uchun Qozog‘iston Taraqqiyot banki bilan 200 million yevrolik kredit kelishuvini tasdiqladi. Ushbu hamkorlik doirasida barqaror transport loyihalari, o‘zaro savdo, Yevropa va Markaziy Osiyo aloqalarini mustahkamlash uchun 3 milliard yevro atrofida mablag‘ jalb etishi kutilyapti.

“Yo‘l xaritasi” va “Global Gateway” tashabbusi orqali YeI va Markaziy Osiyo maqsadlariga mos keladigan loyihalar qo‘llab-quvvatlanadi. Ayni sarmoya transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, yo‘llardan foydalanish imkoniyatini yaxshilash, mintaqada iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Umuman, YeIB O‘zbekistonda transport, raqamli ulanish, qayta tiklanadigan energiya kabi turli sohalarda faol ish olib bormoqda. Shuningdek, quyosh energetikasi loyihalari, jumladan uchta yirik fotoyelektr stansiyasi uchun 83,6 million dollar kredit ajratdik. Bundan tashqari respublikaning chekka qishloq tumanlarini keng chiziqli internet bilan ta’minlab, SES bilan hamkorlik orqali raqamli tafovutni bartaraf etishga yordam bermoqchimiz. Inklyuziv va barqaror rivojlanish tarafdorimiz. Raqamli ulanish va qayta tiklanadigan energiya manbalariga sarmoya kiritib, ayniqsa, qishloqlarda ta’lim, sog‘liqni saqlash va iqtisodiy salohiyatdan foydalanish imkoniyatini yaxshilashga yordam beramiz.

YeIBning uzoq muddatli maqsadi yashil infratuzilma loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va texnik ekspertiza taqdim etish orqali O‘zbekistonning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Biz rasmiylar bilan hamkorlikni davom ettirib, mamlakat iqlimi va iqtisodiy barqarorligiga hissa qo‘shishda davom etamiz.

Muharrama Pirmatova, O‘zA