Janubiy Koreya Konstitutsiyaviy sudi Prezidentga impichmentni tasdiqladi
Janubiy Koreya Konstitutsiyaviy sudi bugun mamlakat parlamentining Prezident Yun Sok Yolga nisbatan impichment e’lon qilish to‘g‘risidagi iltimosini qabul qildi. Endi Yun Sok Yol lavozimidan butunlay chetlatiladi.
Hukm parlamentga shu haqda taklif kiritilgandan 111, sud majlisi yakunidan keyin esa 38 kun o‘tgach o‘qildi. Bu juda uzoq muddat. 2016 yil sobiq Prezident Pak Kin Xega impichment e’lon qilish masalasi bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish uchun bor-yo‘g‘i 11 kun kerak bo‘lgandi. 2004 yil Prezident Ro Mu Xyon uchun shunday qarorni tayyorlash 14 kun talab qilingan. Yun Sok Yol Pak Kin Xedan keyin impichment natijasida lavozimidan chetlatilgan ikkinchi yetakchi.
Endi mamlakatda muddatidan oldin saylov bo‘lib o‘tadi. Yangi prezident oltmish kun ichida, ya’ni 3 iyungacha saylanishi kerak. Hozircha bosh vazir Xan Dok Su davlat rahbari vazifasini bajarib turadi. Taxminga ko‘ra, tezroq muddatidan oldin saylov o‘tkazilsa, hukmron “Fuqarolik kuchlari” partiyasi noqulay vaziyatga tushib qoladi.

Bo‘lajak saylovda mamlakat oliy lavozimiga konservatorlardan mehnat vaziri Kim Mun Su, Seul meri O Se Xun, Tegu shahri meri Xong Jun Pxyo, sobiq adliya vaziri Xan Don Xun, deputat An Chol Su va sobiq deputat Yu Seng Min da’vo qilishi kutilyapti.
Turli ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Birlashgan Demokratik partiya yetakchisi Li Chje Myon boshqa nomzodlardan sezilarli o‘zib ketishi mumkin. Ushbu partiya impichment tarafdori bo‘lgan jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlashiga tayanib, uch yil oldingi saylovdagi mag‘lubiyat uchun o‘ch olishga shay va hokimiyatni qanday qilib bo‘lsa ham o‘zgartirishni maqsad qilgan.
Ayni payt mamlakat konstitutsiyaviy sudi binosi oldida impichment tarafdorlari va ushbu qarorga qarshi tomon miting uyushtirmoqda. Xabarlarda aytilishicha, namoyishda Prezident iste’fosini talab qilayotgan muxolifat ayniqsa faollik ko‘rsatmoqda.
S.Rahimov, O‘zA