“Xalqaro bolalar kitobi kuni” haftaligi boshlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qarashli respublika Bolalar kutubxonasida 2 aprel – Xalqaro bolalar kitobi kuni munosabati bilan “Kitob – ma’naviy boyligimiz” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri G.Kojaboyeva va boshqalar so‘zga chiqib, ishtirokchilarni umumxalq “Navro‘z” bayrami hamda Xalqaro bolalar kitobi kuni bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, jahonning ko‘plab mamlakatlari 2 aprel sanasini “Xalqaro bolalar kitobi kuni” sifatida nishonlaydi. Bu sananing ham o‘ziga xos tarixi bor. 1967 yilda Xalqaro bolalar kitoblari Kengashi 2 aprel sanasini bolalar kitoblari kuni deb nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu sana o‘z-o‘zidan tanlangan emas. Hamma gap shundaki, shu sanada buyuk ertakchi-yozuvchi Hans Xristian Andersen dunyoga kelgan kun bo‘lib, shu munosabat bilan har yili aprel oyida shu kun bayram sifatida nishonlanadi.
Bolalarni kitob o‘qishga qiziqtirish, ularning kitobxonlik madaniyatiga bo‘lgan tafakkurini oshirish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida Respublika bolalar kutubxonasida “Xalqaro bolalar kitobi kuni” munosabati bilan turli tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirgan. Jumladan, haftalik doirasida X.K.Andersen ertaklaridan sahnaviy kompozitsiya, “Andersen ertaklaridan blits savollar”, “Jahon adabiyotiga sayohat”, “Kitoblar galaktikasi”, “Kitoblar kaleydoskopi” mavzularida tadbirlar o‘tkaziladi hamda “Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda”, “Kitob – buyuk kuch”, “Yangi uyg‘onish davri – kitobdan va kutubxonadan boshlanadi” mavzularida kitoblar ko‘rgazmasi, “Bir bolaga uch kitob”, “Bir haftada bir kitob”, “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyalari tashkil etilib, ota-onalar o‘z farzandlariga kitoblar sovg‘a qiladi. Shuningdek, kitobxonlarni taqdirlash marosimi, “Kitob yangiliklari” rukni asosida yozuvchi-shoirlar bilan suhbat, “Yashaysan yuragimda”, “To‘tiqush” kitoblarining taqdimoti o‘tkaziladi.
Tadbirda Nukus shahridagi maktablarning o‘quvchilari tomonidan “Bola podshoh” hamda “Shalg‘am” ertaklaridan sahna ko‘rinishlari taqdim etildi.
Bayram kechasida Nukus shahar Madaniyat bo‘limi hamda respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabining iqtidorli o‘quvchilari o‘z konsert dasturlari bilan ishtirok etdi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA