O‘zbekiston terma jamoasi FIFA reytingida yuqoriladi

122

FIFA mart oyi yakunlariga ko‘ra o‘zining yangilangan reytingini e’lon qildi. Quvonarlisi, mazkur reytingda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, terma jamoamiz mart oyida 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati Osiyo mintaqasi 3-saralash bosqichi doirasida Qirg‘izistonni mag‘lub etib, Eron termasi bilan durang qayd etgan edi. Buning natijasida FIFA reytingida 1437.02 ochko jamg‘arib, 57-o‘rinni band etdi.

Reytingning eng yuqori pog‘onasi Argentina terma jamoasiga tegishli bo‘lib turibdi. Uning ortidan Ispaniya va Fransiya terma jamoalari bormoqda. Osiyo jamoalari orasida esa eng yuqori natija Yaponiyaga tegishli bo‘ldi. Ushbu jamoa mart oyidagi reytingga ko‘ra, 15-o‘rinni band etgan bo‘lsa, Eron 18-pog‘onadan joy oldi. Shuningdek, Janubiy Koreya 23, Avstraliya 26, Qatar 55-o‘rinda qayd etildi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA