Orzuga ayb yo‘q(mi?)

121

Sobiq yakkakurashchi Konor MakGregor 11 noyabrda Irlandiya prezidentligi uchun bo‘lib o‘tadigan saylovda qatnashmoqchi. Uni hatto Donald Tramp ma’muriyati qo‘llab-quvvatlayapti. Shunga qaramay, ko‘pchilik sportchining nomzodini jiddiy qabul qilmayapti.

Irlandiyadagi muhojirlarga nisbatan salbiy munosabati bilan tanilgan  o‘ta o‘ng qanot vakillari bilan hamnafas Makgregor ijtimoiy tarmoqda tez-tez keskin fikrlar bildirib turadi. Agar rahbarlikni qo‘lga kiritsa, muammolarni hal qilishi, masalan boshpana berish qoidasini o‘zgartiruvchi har qanday qonun loyihasini referendumga qo‘yishini aytgan. Bu gapidan uning o‘z mamlakati qonunlaridan qanchalik xabardorligini anglash mumkin. Axir, Irlandiya Prezidenti bir tomonlama referendum o‘tkazish huquqiga ega emas.

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yil Konnor Ispaniya va Fransiyada ba’zi mojarolarga aralashib qolgan. Hozir bu mavzuga to‘xtalmoqchi emasmiz.

Ehtimol, uning prezidentlikka da’vosi Trampning qo‘llab-quvvatlovidan kuch olayotgandir? Har holda, orzuga ayb yo‘q, deyishadi-ku. Darvoqe, yaqinda MakGregor Oq uyda AQSH Prezidenti bilan uchrashgan. Matbuot vakillari qarshisida u o‘z yurti hukumatini qator ayblovlar bilan siylab, “noqonuniy muhojirlar mamlakatni vayron qilmoqda” dedi.

Irlandiya Bosh vaziri Maykl Martin esa Makgregorga e’tiroz bildirib, uning fikri xalqning qarashini aks ettirmaydi, deb yozdi.

MakGregor prezidentlikka nomzodini qo‘ya oladimi?

Mahalliy qonunchilikka asosan, nomzod 35 yoshdan oshgan Irlandiya fuqarosi bo‘lishi shart. MakGregor bu mezonga mos. Bundan tashqari nomzod parlamentning 20 a’zosi yoki kamida 4 shahar yoki okrug kengashi tomonidan ma’qullanishi kerak.

Siyosatshunoslar qoidasiz jang ustasining belgilangan mezonlardan o‘tish imkoniyati juda cheklanganini aytishmoqda.

Ko‘pchilik irlandiyaliklar fikricha, u xorijda mashhur bo‘lishi mumkin, lekin o‘z mamlakatida taniqli emas.

Kenja Bekjonov, O‘zA