O‘zbekiston —Eron: parlamentlararo munosabatlarning istiqbollari

5-9 aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi doirasida qator xorijiy davlatlar parlamentariylari mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Parlamentlar vakillari Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ham bo‘lib, uchrashuvlar o‘tkazishmoqda.
Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Eron Islomiy Kengash Majlisi raisining birinchi o‘rinbosari Hamidrizo Hojiboboiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani, ikki tomonlama aloqalarning barcha yo‘nalishlarida o‘zaro munosabatlar faollashib, ko‘p tomonlama muloqotlar mustahkamlanib borayotgani alohida e’tirof etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil iyun oyida Eron Islom Respublikasiga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarning yangi davrini boshlab bergani, O‘zbekiston — Eron munosabatlari keng qamrovli hamkorlik darajasiga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
H.Hojiboboiy samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan muvozanatli, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat, keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalarini ijobiy baholadi.
—O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan tarixiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Toshkentda o‘tkazilishi juda katta siyosiy voqea. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik, jumladan, parlamentlararo munosabatlar tobora mustahkamlanib borayotganidan mamnunmiz, — dedi H.Hojiboboiy.

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, qonun ijodkorligi sohasida o‘zaro tajriba almashish, madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha muloqotlarni faollashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
M.Komilova,
O‘zA