Jahon kubogida bokschilarimiz barchani lol qoldirmoqda

140

Braziliyada boks bo‘yicha o‘tayotgan jahon kubogi bellashuvlarida o‘zbek bokschilarining chiqishlari muxlislarga o‘zgacha zavq bermoqda.

Jumladan, vazni -55 kg. bo‘lgan Mirazizbek Mirzaxalilov polshalik Nikolas Pavlikka qarshi jang qildi. Bahsning 1-raundida raqibni nokdaun holatiga tushirdi. Biroq, Nikolas o‘ziga keldi. Ammo hamyurtimizning kuchli va aniq zarbalarini yana o‘tkazib yubordi. Natijada, hakamlar Mirazizbek g‘alabasini e’lon qildi. Shuningdek, Javohir Ummataliyev -80 kg. vaznda AQSH vakili Robbi Gonsalesni 3:2 hisobida mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Shuningdek, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev -65 kg. vaznda mezbon bokschi Yuri Reysga qarshi bahs olib bordi va hakamlarning qarorlariga ko‘ra 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, -70 kg. vazn toifasida ishtirok etgan Iqboljon Xoldorov Angliya vakili Odel Kamaraga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

“World Boxing” tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan jahon kubogi davomida O‘zbekiston boks federatsiyasi Bosh kotibi Shohid Tillaboyev ishtirokida terma jamoamiz murabbiylar shtabi va bokschilar uchun yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Sh.Tillaboyev ushbu jahon kubogining muhimlik darajasini aytib o‘tdi va musobaqa “Los-Andjeles-2028” Olimpiada o‘yinlari uchun yana bir muhim qadam ekanini ta’kidladi. Ayni damda Braziliyada bo‘lib turgan jamoamiz uchun sardor tayinlandi. Jahon va Olimpiada chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev endilikda Braziliyadagi vakillarimizning yetakchisi hisoblanadi.

Jahon kubogining navbatdagi kunida quyidagi bokschilarimiz ishtirok etadi:

-50 kg. Asilbek Jalilov – Jadumani Singh Mandengban (Hindiston);

-60 kg. Madiyar Daniyarov – Luiz Oliveira (Braziliya);

-75 kg. Fazliddin Erkinboyev – Mishel Yarliniski (Polsha);

-90 kg. To‘rabek Habibullayev – Vishal (Hindiston);

+90 kg. Jahongir Zokirov – Daniyal Saparbay (Qozog‘iston).

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA