Tramp import bo‘yicha eng yuqori tarif e’lon qilmoqchi

123

AQSH Prezidenti Donald Tramp 2 aprel kuni Vashingtonning savdo hamkorlari tomonidan davom ettirilayotgan cheklovlarga javob tariqasida Amerika importiga nisbatan eng yirik tarif joriy qilishni rejalashtirmoqda.

Tramp va uning jamoasi vatandoshlarini 2 aprel Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun “ozodlik kuni” bo‘lishiga ishontirishga urinyapti. Ta’kidlanishicha, AQSH bilan savdo qilayotgan, Amerika tovarlariga boj solayotgan barcha davlatlar uchun keng ko‘lamli “javob berilib”, muayyan to‘siqlar o‘rnatiladi.

Ma’muriyatning mahalliy ommaviy axborot vositalarida faol muhokama qilinayotgan rejasiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar importga 20 foizlik boj joriy qiladi. Xorijiy avtomobillar alohida toifa sifatida 25 foizlik chekka duch keladi.

“Washington Post” gazetasi yozishicha, yangi chora faqat “AQSH bilan eng yirik savdo muvozanatiga ega bo‘lgan yoki savdoda kamsitish mexanizmidan foydalanadigan 15 davlat”ga ta’sir qilishi mumkin. Trampning o‘zi qarorga duch keladigan davlatlar ro‘yxati bilan cheklanmay, tarif Yevropa Ittifoqi, Janubiy Koreya, Braziliya va Hindistonga ham qo‘llanishini ta’kidladi.

 

Amerika rasmiylari mazkur choralarni iqtisodiyot va byudjet uchun imkoniyat sifatida ko‘rmoqda. Trampning savdo va ishlab chiqarish bo‘yicha katta maslahatchisi Piter Navarro “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida endi har yili 600 milliard dollar import boji olish va 10 yil davomida byudjetga 6 trillion dollar mablag‘ tushirish kutilayotganini tan oldi.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar saylovchilarga va’da qilingan soliq imtiyozini ta’minlash va o‘sib borayotgan byudjet taqchilligining oldini olish uchun davlat g‘aznasini to‘ldirish mexanizmiga aylanishi ko‘zda tutilgan. Hozir Moliya vazirligi byudjetdagi kamomadni qariyb 1,15 trillion dollarga baholagan. Bundan tashqari Vashington mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida mamlakatga xorijiy sarmoya kirib kelishini kutmoqda. Shundan so‘ng kompaniyalar import o‘rniga tovarlarni Amerika zaminida ishlab chiqaradi.

Bugun Trampning Kanada va Meksikadan importga 25 foizlik boj joriy qilishni vaqtincha to‘xtatib turgan tanaffus tugaydi va Venesuelaga nisbatan ikkilamchi boj kuchga kiradi. Karakasdan energiya resurslari xarid qilgan barcha hamkorlarga nisbatan ham shunday to‘siq qo‘yiladi.

 

So‘nggi haftalarda AQSH ma’muriyatining savdo siyosati iqtisodiy tanazzul xavfi haqidagi savollarni ko‘paytirmoqda. “CBS News” telekanali “YouGov” kompaniyasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadqiqot ko‘rsatdiki, retsessiyani kutayotgan amerikaliklar ulushi o‘sgan, mamlakat kelajakda iqtisodiy jihatdan o‘sishiga ishonganlar ulushi esa, aksincha, kamaygan.

Mart oyida “Fitch” xalqaro reyting agentligi Amerika Prezidenti tomonidan boshlangan “global savdo urushi” tufayli AQSH yalpi ichki mahsulotining 2025 va 2026 yillardagi o‘sishi bo‘yicha farazni mos ravishda 1,7 va 1,5 foizga tushirgan edi. Buning oqibati butun jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi kutilyapti. Agentlik jahon yalpi ichki mahsuloti o‘sishi ikki yil davomida ketma-ket 2,3 va 2,2 foiz sekinlashishini ta’kidlamoqda.

Qo‘shma Shtatlar tomonidan yangi tarif joriy etilgach, hamkor davlatlar ham javob choralarini qo‘lashi kutilyapti. G‘arb matbuoti Trampning harakatiga javob berishga tayyorlanayotgan davlatlar haqida gapirib, asosiy ishorani Yevropa Ittifoqiga bermoqda. Bu esa o‘z navbatida, global savdo o‘sishini yanada sekinlashtirib, so‘nggi yillarda dunyoda kuzatilayotgan parchalanish kuchayishini tezlashtiradi.

S.Rahimoa,

O‘zA sharhlovchisi