“Mening Oroldagi bog‘im” aksiyasi o‘tkazildi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasi, faol yoshlari “Mening Oroldagi bog‘im” aksiyasi doirasida Mo‘ynoq tumanida bo‘lib, Orol dengizining qurigan tubiga saksovul ko‘chatlarini ekish bilan birga ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi.
Ushbu tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad, Orol dengizining qurishi ortidan yuzaga kelgan ekologik ofatlarga qarshi kurashish va tabiiy resurslarni tiklashga hissa qo‘shishdan iborat. Aksiyada universitetning Bioekologiya ilmiy laboratoriyasi asbob-uskunalari yordamida havoning, tuproqning tarkibini aniqlash ishlari olib borildi. Shuningdek, ekologik holatni yaxshilash maqsadida saksovul ko‘chatlari ekildi.

Saksovul o‘simligi, Orolbo‘yi kabi qurg‘oqchil hududlarda tez o‘sib, tuproqni mustahkamlash va havoni tozalashga katta hissa qo‘shadi. Uning ildizlari nafaqat tuproqni ushlab turish, balki unga ozuqa manbai bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa ekotizimning tiklanishiga yordam beradi.
Orol dengizi atrofida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar va saksovul ko‘chatlarini ekish kabi ishlar, tabiatni tiklash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi. Tabiatni asrash, ekologik barqarorlikni ta’minlash va iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashishda bunday chora-tadbirlarning o‘rni beqiyosdir.

“Mening Oroldagi bog‘im” aksiyasi kabi tashabbuslar, tabiatni asrashga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish va ekologik madaniyatni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yoshlarga tabiatni sevish, unga g‘amxo‘rlik qilish va uning resurslarini asrab-avaylashni o‘rgatish – kelajakda ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.