Toshkent xalqaro marafonining mukofot jamg‘armasi 639 million so‘mni tashkil etadi

101

2025 yil 13 aprel kuni Toshkent shahri yana eng kutilgan sport tadbirlaridan biri – VII Toshkent xalqaro marafoniga mezbonlik qiladi. Bu yil marafon (42 km), yarim marafon (21 km) va 10 km masofaga yugurish trassalari “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tutash yo‘l bo‘ylab, 3 km masofa esa bevosita bog‘ hududida tashkil etiladi.

VII Toshkent xalqaro marafonining mukofot jamg‘armasi 639 million so‘mni tashkil etadi. Bunga qo‘shimcha ravishda, erkaklar va ayollar o‘rtasida marafon masofasida O‘zbekiston milliy rekordini o‘rnatganlarga 15 million so‘m, yarim marafon masofasida esa 10 million so‘m ajratiladi.

Marafonda barcha xohlovchilar – fuqaroligidan qat’i nazar, professional sportchilar ham, havaskorlar ham ishtirok etishlari mumkin.

42 km (marafon), 21 km (yarim marafon), 10 km, 3 km masofalarga yugurish hamda shimoliy yurish musobaqalarida 15 yoshdan oshgan erkaklar va ayollar ishtirok etishlariga ruxsat beriladi.

N.Rahmonova, O‘zA