Tramp ish boshlagandan buyon 100 000 migrant deportatsiya qilindi

114

AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) xizmati Prezident Donald Tramp lavozimiga kirishgandan keyingi davrda 100 mingdan ko‘p odamni mamlakatdan chiqarib yubordi, deb xabar tarqatdi “New York Post” gazetasi Ichki xavfsizlik vazirligidagi manbaga tayanib.

Xabarda aniqlik kiritilishicha, jami 113 ming kishi hibsga olingan.

Mart oyida AQSH bo‘ylab noqonuniy chegarani kesib o‘tish holati rekord darajada pasaygan. Rasmiylar noqonuniy muhojirlarning aksariyatini Meksikaga jo‘natgan.

20 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan inauguratsiya marosimidan so‘ng Tramp ilk chiqishida AQSHga xufiyona kirishni zudlik bilan to‘xtatib, millionlab muhojirlarni ekstraditsiya qilish jarayonini boshlashga va’da bergan. Qolaversa, janubiy chegaradagi vaziyat tufayli milliy favqulodda holat e’lon qilgan.

Amerika Immigratsiya kengashi tahlilchilari fikricha, Meksika AQSHga muhojirlar keladigan asosiy davlat hisoblanadi. Bu yurt fuqarolari jami migrantlarning 22,8 foizini tashkil qiladi. Ro‘yxatda ikkinchi o‘rinni Hindiston (6,1 foiz), uchinchi o‘rinni Xitoy (4,6 foiz) band etgan.

S.Rahimov, O‘zA