Myanmada zilzila qurbonlari soni 1000 dan oshgani ma’lum qilindi

Xitoy markaziy televideniyesi Myanma ommaviy axborot vositalariga tayanib tarqatgan xabarda aytilishicha, hozirgacha Myanmadagi zilzila qurbonlari soni 1002 kishiga yetgan.
– Myanma davlat matbuoti tomonidan 29 mart kuni e’lon qilingan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, 28 mart kuni sodir bo‘lgan kuchli zilzila natijasida mamlakatning barcha jabrlangan hududlarida 1002 kishi halok bo‘ldi, 2376 odam jarohatli, ko‘pchilikning taqdiri hali noma’lum, – deyilgan materialda.
Avvalroq Bosh vazir Min Aung Xlaing eng ko‘p jabr ko‘rgan mintaqaga borib, rasmiy bayonotida qurbonlar 694, jarohatlanganlar 1670 nafarligini aytgan edi.
– Ayni payt poytaxt Neypitau shahrida elektr ta’minoti, internet uzilgan, jabrlanganlarni qidirish uchun ulkan maxsus texnikadan foydalanilmoqda, – deb yozgan “RIA Novosti” nashri.
Hukumat vayrona ostida qolgani ta’min qilingan odamlarni qidirish chorasini ko‘ryapti.
Tailandda keng ko‘lamli falokat holati e’lon qilindi
Tailand ichki ishlar vaziri Anutin Chanvirakun imzolagan maxsus bayonotda vayronagarchilik keltirib chiqargan va qurbonlar kuzatilgan juma kungi zilzila mintaqada so‘nggi o‘n yillikda qayd qilingan eng yirik falokat sifatida baholangan.
7,7 magnitudali zilzila o‘chog‘i Myanmaning Sagaing shahridan 12 kilometr masofada, o‘n kilometr chuqurlikda ekani aytildi. Silkinish qo‘shni davlatlar – Bangladesh, Hindiston, Tailand, Laos va Xitoyda ham sezilgan.
– 2021-2027 yillarga mo‘ljallangan tabiiy ofatlarni boshqarish bo‘yicha milliy rejaga muvofiq, bu galgi fojia darajasi keng ko‘lamli ofat hisoblangan 3-daraja bilan belgilandi, – deyiladi bayonotda.
S.Rahimov,O‘zA