Toshkent parlament diplomatiyasining markaziga aylanmoqda

95

Shu kunlarda jahon hamjamiyati nigohi Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan O‘zbekistonga qaratilgan. Chunki joriy yilning 5-9 aprel kunlari azim Toshkent nufuzli xalqaro tadbir – Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasiga mezbonlik qiladi. Dunyo e’tiboridagi bu voqea nafaqat mamlakatimiz, balki butun jahon parlamentlari hamjamiyati uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda jahonning nufuzli parlament delegatsiyalari tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, gender tenglikka erishish, ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirish hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi hayotiy dolzarb mavzular bizning diyorimizda muhokama etiladi. Bugungi murakkab va shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyoda ijtimoiy adolat, tenglik va barqaror taraqqiyotga erishish har bir davlat hamda jamiyatning eng muhim vazifalaridan biriga aylandi. Aynan shu nuqtai nazardan, Parlamentlararo Ittifoqning 150 yillik yubiley assambleyasi asosiy mavzusining dolzarbligi yaqqol ko‘rinib turibdi.     Anjumanda dunyoning 181 ta mamlakati, 15 ta kuzatuvchi  davlat hamda 25 dan ortiq xalqaro va parlamentlararo tashkilotdan 2000 ga yaqin delegatlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Aytish kerakki, Parlamentlararo Ittifoq 136 yillik tarixga ega bo‘lib, o‘z faoliyati davomida xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlash, parlament diplomatiyasini  rivojlantirish kabi ulug‘vor maqsadlarni ilgari surib kelmoqda. Tashkilotning 181 davlat parlamentini birlashtirishi uning global miqyosdagi ta’sirini yaqqol ko‘rsatadi. Poytaxtimizda yaqinda bo‘lib o‘tadigan 150-assambleya doirasida dunyo parlamentlari vakillari ijtimoiy himoya, kambag‘allikni qisqartirish, qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi. Bu kabi o‘zaro fikr almashinuvi global miqyosda ijtimoiy adolat va taraqqiyotga erishish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi shubhasiz.

 

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Parlamentlararo Ittifoq  bilan turli  yo‘nalishlarda faol hamkorlik qilib kelmoqda. Tashkilot rahbariyatining  mamlakatimizga muntazam tashrifi, O‘zbekistonning BMT Bosh Assambleyasida parlamentlarning rolini oshirishga qaratilgan rezolyutsiyasi tashabbusining qo‘llab-quvvatlanishi, shuningdek, Toshkentda Parlamentlararo Ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammitining muvaffaqiyatli o‘tkazilishi buning yaqqol dalilidir.

Kutilayotganidek, Toshkentning 150-assambleyaga mezbonlik qilishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirib, mamlakatimizni global siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylantiradi. Ushbu tadbirning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi O‘zbekistonning ochiqlik, hamkorlik va global muammolarni hal etishga tayyorligini yana bir bor namoyish etadi. Shu o‘rinda assambleyaning asosiy mavzusi “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati”  dolzarbligi va bugungi kunda dunyoning eng og‘riqli masalalaridan biri ekanligini ta’kidlash zarur. Bu borada O‘zbekistonning tajribasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlash borasida katta yutuqlarga erishdi. Mazkur muvaffaqiyatlar esa, albatta, mamlakat yetakchisining tashabbuskorligi, insonparvarligi, uzoqni ko‘zlaguvchi yuqori siyosiy salohiyati, metin irodasi va jonkuyarlik bilan olib borayotgan qat’iy harakatlari bilan chambarchas bog‘liq. Xususan, Prezidentimiz rahbarligida aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha aniq maqsadli dasturlarning ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi, qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquqlarini ta’minlash borasidagi konstitutsiyaviy islohotlar, gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar, yoshlarning bilim olishi, kasb egallashi va o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar O‘zbekistonning ijtimoiy taraqqiyot va adolat yo‘lidagi qat’iy qadamlarining yorqin misollaridir.

Misol uchun,  joriy yilda 102 ta ijtimoiy xizmat mahalla darajasiga tushirildi. Natijada nogironligi bor bolalar uchun muntazam parvarishlash xizmati yo‘lga qo‘yilib, 700 nafar ota-onaning  ishlashiga sharoit yaratildi. Harakatlana olmaydigan 4 ming nafar yolg‘iz keksaga o‘z uylarida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Mahallalarda 95 ming muhtoj odamga ijtimoiy xodimlar orqali yordam berildi. 51 ming odamga nogironlik belgilandi va imkoniyati cheklangan 5 ming bola bog‘cha-maktabga joylashdi. Shuningdek, 45 ming muhtoj aholiga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Demakki, mamlakatning har bir fuqarosi e’tiborda ekani ijtimoiy tenglik va ijtimoiy adolat prinsipini amalga oshirayotgan davlatimiz rahbari islohotlarida o‘z hayotiy tasdig‘ini topmoqda.

Quvonarlisi, yaqin yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash, ularning qadr-qimmatini ulug‘lash davlat siyosatida yetakchi masalaga aylandi. 2017 yilda boshqaruv sohasida xotin-qizlar o‘rtacha 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu raqam 35 foizga yetdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini, Senat a’zolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda.

O‘tgan yili Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibidagi ayol sportchilardan 3 nafari oltin, 8 nafari kumush, 3 nafari bronza medalini qo‘lga kiritgani millat tarixida ilk natija sifatida muhrlandi.

Yangilangan Konstitutsiyamizdagi ijtimoiy davlat tamoyiliga muvofiq, ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar tubdan yangicha tashkil etilmoqda. Bu borada har bir mahallada xotin-qizlarning holati o‘rganilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand 1 million nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritildi.

Birgina ta’lim tizimi misolida qayd etadigan bo‘lsak, yurtimizdagi 203 ta oliygoh talabalarining 52 foizdan ortig‘ini bugun xotin-qizlar tashkil etmoqda. O‘tgan yilning o‘zida magistraturada o‘qiyotgan 15 mingga yaqin xotin-qizlarga 100 milliard so‘mga yaqin kontrakt puli to‘lab berildi.      Hozirgi vaqtda  6 ming 200 dan ortiq xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgani, ilmiy ishlanmalarning 25 foizini olima ayollarimiz yaratayotgani ham, jamiyatda ularning o‘rni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga xotin-qizlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha katta dasturlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yilning o‘zida bu sohaga 17 trillion so‘m kredit ajratildi. Natijada ayol tadbirkorlarimiz o‘tgan yili 81 trillion so‘mlik mahsulot yaratib, 450 million dollarlik eksportni amalga oshirdi.

Bu kabi odamlarni rozi qilish, xalq hayotini o‘zgartirish, millatimiz turmush darajasini yanada farovonlashtirish borasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar salmoqli tarzda davom etmoqda.

Endilikda  assambleya  doirasida xalqaro ekspertlar va parlament a’zolarining fikr-mulohazalari, tavsiyalari mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, kambag‘allikni qisqartirish, inson huquqlarini ta’minlash hamda qonun ustuvorligini mustahkamlash bo‘yicha yangi g‘oyalar va yondashuvlarni shakllantirishga yordam beradi. Aynan shu mavzuda bo‘lib o‘tadigan assambleya yig‘ilishining O‘zbekistonda bo‘lishi ham o‘z ramziy ma’nosiga ega. Dunyoning yetakchi parlamentlari vakillarining Toshkentga tashrifi mamlakat haqidagi tasavvurlarni yana boyitishga xizmat qiladi. O‘zbekiston nafaqat tarixiy va madaniy merosga ega mamlakat sifatida, balki xalqaro siyosatda faol ishtirok etuvchi, muhim tashabbuslarni ilgari suruvchi davlat sifatida ham keng taniladi. Assambleya asnosida turli davlatlar parlamentlari vakillari o‘rtasida o‘zaro muloqot va tajriba almashinuvi uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Bu esa ko‘p tomonlama parlamentlararo aloqalarning rivojlanishiga olib keladi.

Tadbir o‘z navbatida O‘zbekiston parlamenti faoliyatining xalqaro standartlarga moslashishiga, qonunchilik jarayonlarida shaffoflik va jamoatchilik nazoratining kuchayishiga muhim turtki beradi. Shuningdek, assambleya doirasida yoshlar parlamentlari, ayol deputatlar va fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki ijtimoiy tenglik va inklyuziv siyosatning amaliy ifodasi bo‘ladi.

Shuningdek, tadbirning yana bir manfaatli jihati, mamlakatning turistik jozibadorligini oshiradi. Minglab xorijiy delegatlarning tashrifi mehmonxonalar, transport va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, biz tadbir arafasida O‘zbekiston  mintaqaviy parlamentlararo diplomatiyaning yangi markaziga aylanishga shaylanmoqda, deya g‘ururlansak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekiston hozirlanayotgan muhim tarixiy ahamiyatga ega tadbir – Parlamentlararo Ittifoqning 150 yillik yubiley assambleyasi yurtimiz uchun xalqaro siyosiy jarayonlarning faol va muhim ishtirokchisiga aylanish yo‘lida yangi taraqqiyot bosqichi bo‘ladi.

Manzuraxon  Salimova,

Oliy  Majlis  Qonunchilik  palatasi deputati, 

O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi  a’zosi.

O‘zA