Tadbirkor elga madadkordir

131

Qoraqalpog‘iston aholisi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar asosida Xo‘jayli tumanida o‘z faoliyatini rivojlantirayotgan hunarmandlar hamda faol tadbirkorlar faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab tumanda faoliyat yuritayotgan hunarmand Azamat Izbergenov xonadonida bo‘lib, uning ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Azamat yigirma yildan ortiq vaqtdan buyon yog‘ochdan hunarmandchilik buyumlarini yasash bilan shug‘ullanadi. Hunarmand tomonidan tayyorlangan beshik, aravacha, bolalar arg‘imchog‘i va boshqa buyumlarga qiziqish bildirgan xaridorlar soni ortib bormoqda. U turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda respublikada tashkil etilgan bir qancha hunarmandchilik bo‘yicha ko‘rgazma-yarmarkalarida ishtirok etib kelmoqda.

Shundan so‘ng, ommaviy axborot vositalari vakillari “Cake Boomer” brendi asoschisi, tadbirkor Mahira Mamutovaning faoliyati va korxonada yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. “Cake Bumer” oilaviy korxonasi o‘z faoliyatini 2007 yildan boshlagan bo‘lib, qandolat mahsulotlarini tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Dastlab, bir nafar ishchi bilan o‘z faoliyatini boshlagan ushbu korxonada bugungi kunda yuzdan ortiq fuqaroning doimiy bandligi ta’minlangan. Shundan 30 nafardan ortig‘i migratsiyadan qaytgan fuqarolar bo‘lsa, 80 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Shuningdek, korxonaning Nukus shahri va Qo‘ng‘irot tumanlarida filiallari ham mavjud bo‘lib, qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish va sifatli xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanmoqda.

Tadbirkorga Prezidentimizning 2023 yil 8 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida Xo‘jayli tumani markazidan investitsiya kiritish sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer maydoni ajratib berildi. Ushbu imtiyoz natijasida “Cake Bumer” oilaviy korxona faoliyati yanada kengayib, kelgusida qo‘shimcha 50 nafardan ziyod yosh va xotin-qizning doimiy bandligi ta’minlanishi rejalashtirilgan.

Press-tur davomida jurnalistlar tumanda tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar hamda ularga berilayotgan imkoniyatlarning bevosita guvohi bo‘ldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA