Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuratura organlari tomonidan Prezidentimizning “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan tasdiqlangan “Yo‘l xarita”larida belgilangan vazifalarning ijrosi bo‘yicha ishlar samarali olib borilmoqda.
Jumladan, barcha hududiy prokurorlari shahar va tuman Ichki ishlar bo‘limlari bilan birga probatsiya guruhi nazorati ostida jazo muddatini o‘tayotgan hamda profilaktika hisobiga olingan shaxslar bilan hududlarga chiqqan holda uchrashdi. Muammosi mavjud 120 nafar shaxs prokurorlarning shaxsiy qabulida bo‘lib, ularning yuzga yaqin murojaati hal qilishlik uchun nazoratga olindi. Qabulda 8 ta murojaat joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 12 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida tashkil etilgan mehnat yarmarkalarida yigirmaga yaqin shaxs doimiy ishga joylashtirilgan bo‘lsa, besh nafar shaxsga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashiladigan bo‘ldi. Tadbirda ishtirok etgan tibbiyot xodimlari tomonidan sog‘lig‘idan shikoyat qilgan shaxslarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari va davolanishlariga yo‘llanma berildi.

***
O‘zLiDeP Qorao‘zak tumani Kengashi tomonidan tashkil etilgan “Deputatlar va tadbirkorlar bilan muloqot” forumida mahalliy Kengash deputatlari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limi, tijorat banklari, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishiga to‘siq va erkinligini cheklayotgan bir qator muammolarni muntazam ravishda tizimli o‘rganib borish va ularni bartaraf etish, shuningdek, aholi bandligi va daromadini oshirishning asosiy manbai bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha joylarda to‘planib qolgan muammolarni o‘rganib, ularni joyida hal etish choralarini ko‘rish bo‘yicha masalalar muhokama qilindi.
Forum davomida tadbirkorlikni endi boshlamoqchi bo‘lgan xotin-qizlar va yoshlar, tadbirkorlik sub’ekti vakillari o‘z fikr va takliflarini bildirib o‘tdi.

***
Xalq deputatlari Beruniy tuman Kengashi deputati Yerlan Suyunishev tashabbusi bilan kam ta’minlangan va sharoiti og‘ir oilalarga xayriya yordami ko‘rsatilmoqda.

Joriy yilning 31 mart kuni muborak Ramazon hayiti munosabati bilan tumandagi Paxtakor, Birlik, Navro‘z hamda Istiqlol mahallalarida yashovchi ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalardan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.