Yangi loyihaning taqdimoti o‘tkazildi

Nukusda Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi tashabbusi bilan “Mamlakatning barqaror rivojlanishi – millatlararo totuvlik va birlik!” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi, Nodavlat notijorat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar, Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limining Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi “Minority Rights group” tomonidan moliyalashtiriladigan “Mamlakatning barqaror rivojlanishi – millatlararo totuvlik va birlik!” nomli loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.
Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi direktori Gulsara Jollibekova loyihaning maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 600 dan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti hamda 5 ta milliy madaniy markaz faoliyat olib bormoqda. Loyihaning asosiy maqsadi, milliy madaniy markazlar faoliyatini yanada kuchaytirish, xalqaro tashkilotlarning grant tanlovlarida ishtirok etishda tajribasini oshirish hamda ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirishda moliyaviy barqarorligini ta’minlash orqali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

– Loyiha davomida 5 kunlik seminar-trening tashkil etilib, milliy madaniy markazlar xodimlari va yoshlarning xorijiy grant tanlovlarida ishtirok etishga qiziqishini oshirish orqali zaif qatlamlarining (etnik guruhlar) huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga yaqindan ko‘mak beriladi, – deydi Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi direktori, loyiha rahbari Gulsara Jollibekova. – Har bir markaz alohida kamida 5 ta grant loyihasini yozib chiqadi va mentorlik xizmati ko‘rsatiladi. Loyiha doirasida Taxtako‘pir tumani “Qorateran” ko‘li sohilida “Mamlakatning barqaror taraqqiyoti – millatlararo totuvlik va hamjihatlik!” mavzusida do‘stlik festivali tashkil etiladi.
Davra suhbatida yakunida Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi hamda milliy madaniy markazlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.