Institutda yangi inshootlar foydalanishga topshirildi

143

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yangi qurib bitkazilgan talabalar turar-joyi, sport majmuasi va katta sport maydonchalarining foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, institut jamoasi, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda institut rektori Quvondiq Qodirov so‘zga chiqib, yangi ob’ektlarning Navro‘z umumxalq bayrami va Ramazon hayiti arafasida foydalanishga topshirilishi institut jamoasi uchun bayram sovg‘asi bo‘lganligini alohida ta’kidladi.

Ayni paytda institutda 16 ming nafarga yaqin talaba tahsil olayotgan bo‘lib, ulardan 1 ming 700 nafarga yaqin yosh talabalar turar-joylarga qamrab olingan. Institutning yangi qurib bitkazilgan ushbu 3-sonli talabalar turar joyi 500 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, yoshlarning talabalar turar-joyiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.

Qurilishi uchun institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 23 milliard 704 million so‘m ajratildi va qurilish ishlari sifatli ravishda yuqori darajada olib borildi. Foydalanishga topshirilgan mazkur sport majmuasining qurilish-rekonstruksiya ishlari uchun institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 4 milliard 438 million so‘m ajratildi. Bu yerda talabalarning o‘qishdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar mavjud. Xususan, axborot-resurs va IT markazlari, xorijiy tillarni o‘rganish va tikuvchilik to‘garaklari, shaxmat klubi, ma’naviyat xonalari yoshlarning bilim va qobiliyatlarini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Tadbir doirasida institutning futzal, gandbol va basketbol sport turlariga ixtisoslashgan zamonaviy sport majmuasi ham foydalanishga topshirildi.

Ta’kidlash joiz, ayni paytda institutda yoshlarni sport va sog‘lomlashtirish tadbirlariga keng jalb etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Institutning Jismoniy madaniyat fakulteti va sport klubi tomonidan har bir fakultet kesimida “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Talabalar ligasi”, “Universiada” va “Rektor kubogi”  sport musobaqalari muntazam o‘tkaziladi. Jami 9 ta sport turi bo‘yicha sport to‘garaklarida yoshlar muntazam ravishda shug‘ullanmoqda.

Tantanali tadbir doirasida institutning futbol, yengil atletika va basketbol sport turlariga ixtisoslashgan katta sport maydoni ham foydalanishga topshirildi. Umumiy 300 ta tomoshabin o‘rniga mo‘ljallangan sport maydoni institutning yangi o‘quv binosi ortidagi bo‘sh turgan yer maydonida barpo etilgan bo‘lib, bu yerda 6 milliard 199 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari qo‘li gul quruvchilar tomonidan olib borildi. Ushbu sport inshootlari institutda sport bilan muntazam shug‘ullanadigan talaba-yoshlar sonini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Tadbir ishtirokchilari foydalanishga topshirilgan yangi ob’ektlarda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA