Xitoyda raqamli audiovizual kontent tayyorlash ommalashmoqda

202

Xitoyning Yancheng shahrida joylashgan raqamli audiovizual texnologiya bazasi raqamli iqtisodiyotning yuqori salohiyatini namoyish etib kelmoqda. Masalan, 100 ta yuqori tezlikda ishlovchi kamera bilan jihozlangan zamonaviy qurilma bir zumda 360 darajali ma’lumotni qayd etib, har soniyada 180 ta HD-sifatli surat yaratadi, 3 daqiqada odamning 3D modelini hosil qila oladi.

Mazkur innovatsion markaz kontent ishlab chiqarish, inter faol simulyatsiya yaratish, raqamli xizmat ko‘rsatish, sanoat, turizm va ta’limni rivojlantirish, shahar boshqaruvi tizimini raqamlashtirish singari besh muhim yo‘nalishga e’tibor qaratadi.

Shu tariqa majmua hisoblash quvvati, texnologik ishlanma, aqlli uskuna va kontent yaratish jarayonini birlashtirib, innovatsion ekotizimni shakllantirmoqda.

78 kompaniya uyg‘un faoliyat yuritayotgan markazning yillik aylanmasi 300 million yuan – 41 million dollar. Yaqin 3-5 yil ichida daromad 10 milliard yuandan oshishi, uch yirik sanoat klasteri shakllantirilishi va milliy raqamli audiovizual texnologiya bazasi maqomi qo‘lga kiritilishi kutilyapti.

Xitoy raqamli media sanoatidagi bu muhim platforma mintaqaning innovatsion rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Nozimbek Mardonov, O‘zA