Finlyandiya Tinchlik jamg‘armasi bilan aloqa mustahkamlanmoqda

184

Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov Marti Axtisaari nomidagi Tinchlik jamg‘armasi (SMI)ning Osiyo bo‘yicha dasturlar katta menejeri M.Kukkonen-Karlander rahbarligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotdan ko‘zlangan maqsad birgalikda ilmiy tadqiqot olib borish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Finlyandiyaning sobiq Prezidenti Marti Axtisaari tomonidan tashkil etilgan mazkur fond tinchlikni tiklash, mojarolarni hal etish sohasida 25 yillik tajribaga ega. Dunyoning turli mintaqalari, xususan Afrika, Osiyo, Yaqin Sharq va Koreya yarim orolida faoliyatini rivojlantirish ustida jadal ishlamoqda.

Finlyandiyalik ekspertlar Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ilgari surilayotgan yaxshi qo‘shnichilik va ochiq muloqot siyosati qo‘shni mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, farovonlik va barqarorlik uchun sharoit yaratish hamda mavjud muammolarni birgalikda hal qilish ishiga ulkan hissa qo‘shayotganini ta’kidladilar. Bu boradagi sa’y-harakatlar xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanishni ta’minlashga qartilgan xalqaro kun tartibida aks etib, davlatlar o‘rtasidagi pragmatik va konstruktiv hamkorlikning beqiyos ahamiyatini tasdiqlamoqda.

Shu nuqtai nazardan janob Kukkonen-Karlander yaqinda Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara muammosi muvaffaqiyatli hal qilinganini yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni jarayon boshqa mintaqalar uchun o‘ziga xos namuna bo‘la oladi.

Tashkilot mas’ullari shu kabi tinchlik tashabbuslarini ilgari surish davom etishiga ishonch bildirarkan, Markaziy Osiyoda barqaror tinchlik va barqarorlikni saqlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladilar.

Uchrashuv yakunida ilmiy tadqiqot bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, Markaziy Osiyoda ishonch, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni mustahkamlashga hissa qo‘shadigan umumiy loyihalar ustida birgalikda faol ish olib borish niyati tasdiqlandi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA