“Orol – Parlament nigohida” ekologik aksiyasi o‘tkazildi
Ma’lumki, Orol dengizining qurigan tubida yashil maydonlar, himoya o‘rmonzorlari barpo etishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Orolbo‘yi mintaqasining ekologik holatini barqarorlashtirish, mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish hamda aholi turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur ishlarni uzviy davom ettirish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi va Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida «Orol – Parlament nigohida» mavzusida ekologik aksiya o‘tkazildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Jo‘qorg‘i Kenges hamda mahalliy Kengash deputatlari, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi va Mo‘ynoq tumani hokimligi vakillari ishtirok etdi.

Aksiyada Orol dengizining qurigan tubida «yashil qoplamalar», himoya o‘rmonzorlari barpo etish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi va Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan 100 qop qandim, qoraburaq, cherkez hamda saksovul urug‘lari yetkazildi va birgalikda ekish tadbirlari o‘tkazildi.

Aksiya davomida ekilgan urug‘lar unib, Orol tubida yashil maskanlar yaratilishiga zamin bo‘ladi.
M. Komilova, O‘zA