Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – strategik yo‘limiz – Prezident yangi farmonni imzoladi

224

O‘zbekiston kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini 2025 yilda 55 foizga, 2030 yilda esa 60 foizga ko‘tarishni ko‘zlamoqda. Bu yaqinda imzolangan Prezident farmonida o‘z aksini topgan.

Batafsil sharh.

So‘nggi besh yilda kichik va o‘rta tadbirkorlar soni 2 karra ko‘paydi. Ularda 10 million 500 ming odam – jami band aholining 74 foizi daromad topib, ro‘zg‘or tebratyapti. Iqtisodiyot hajmining yarmidan ko‘pi, sanoat va eksportning uchdan biri shu soha vakillari hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Ushbu raqamlarning o‘ziyoq mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun kichik va o‘rta biznes qanchalik muhimligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Yaqinda davlatimiz rahbari kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvda mazkur yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishini ta’kidladi.

– Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – bizning strategik yo‘limiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda tadbirkorlar ham so‘zga chiqib, faoliyatini kengaytirish, yangi bozorlarga kirib borish, standartlarni o‘rganish, brend yaratish, startaplarni yuzaga chiqarish bo‘yicha takliflarini aytdi.

Muloqot yakunida Prezident: “…бугун muhokama qilingan, sizlarning hamma taklif va tashabbuslaringiz o‘rin olgan farmonni imzolayman. Ushbu farmonning barcha yengilliklari bugundan qo‘shimcha hujjatlarni kutmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga kiritiladi”, – deya ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan edi.

Va’da qilingan hujjat: “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2025 yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

– kichik va o‘rta biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 55 foizga, sanoatda – 34 foizga, eksportda – 34 foizga va aholi bandligini ta’minlashda 75 – foizga yetkazish;

– kamida 600 nafar kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining yiriklashishiga ko‘maklashish orqali ularni “chempion” tadbirkorlarga aylantirish;

– 100 nafardan ko‘p ishchisi bor tadbirkorlik sub’ektlari sonini 4 mingga yetkazish.

Ayrim tadbirkorlarga garovsiz kreditlar beriladi

2025 yil 1 maydan boshlab quyidagi mexanizmlar joriy qilinadi:
– o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yakka tartibdagi tadbirkor (YATT) yoki yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda davlat boji undirilmaydi;
– o‘z faoliyatini tegishincha YATT, mikrofirma yoki kichik korxona toifasigacha yiriklashtirgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va tadbirkorlarga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 50 million so‘mgacha, Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida – 150 million so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi;

– o‘z faoliyatini tegishincha o‘rta yoki yirik biznes toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlarga – 1 yil davomida QQS summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) 7 kun muddatda tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.

“Chempion” tadbirkorlar ro‘yxati bo‘ladi

Tez va yuqori sur’atlarda o‘sayotgan tadbirkorlarni “chempion” tadbirkorlarga aylantirish dasturi doirasida “chempion” tadbirkorlarga aylantiriladigan tashkilotlar ro‘yxati shakllantirilib, unga quyidagi mezonlarga javob beradigan tadbirkorlar kiritiladi:

– tuman (shahar) darajasida – har bir tuman (shahar)da kamida 2 tadan yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan va 50 tadan ortiq ish o‘rni yaratgan tadbirkorlik sub’ektlari;

– Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida –har bir hududda kamida 5 tadan yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan va 500 tadan ortiq ish o‘rni yaratgan tadbirkorlik sub’ektlari;
– respublika darajasida – yillik aylanmasi 1 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan va 5 mingdan ortiq ish o‘rnini yaratgan tadbirkorlik sub’ektlari.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida yangi tadbirkorlarga garov ta’minotiga qarab kredit beriladi

Farmonga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida yangidan tashkil etilgan va hisob raqamida yetarli mablag‘lar aylanmasiga ega bo‘lmagan kichik va o‘rta biznes sub’ektlariga ularning garov ta’minotidan kelib chiqib kredit ajratishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida Ijtimoiy himoya yagona reyestrida turgan ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlagan kichik va o‘rta biznes sub’ektlariga ushbu fuqarolar uchun tashkil qilingan har bir ish o‘rniga qo‘shimcha ravishda 10 million so‘mdan, 10 va undan ko‘p bunday ish o‘rinlarini tashkil qilgan sub’ektlarga 100 million so‘mgacha 3 yilgacha muddatga yillik 14 foiz stavkada aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kredit ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Hududlarda kichik va o‘rta sanoat korxonalarini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari tashkil etiladi

2025 yil 1 maydan 20 ta tumanda Sanoatni jadal rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari tashkil etiladi. Bunda loyiha ofislari Toshkent shaharidan tashqari, barcha hududlarda (1/2 ta tumanda) tashkil etiladi. Ularga xorijiy muhandis, texnolog, dizayner, buxgalter va marketologlar olib kelinadi. Bu maqsadlarga shu yilning o‘zida 100 milliard so‘m ajratiladi.
Loyiha ofislari korxonalarga tannarxni tushirish, sifat va texnologiyani yaxshilashga, ularni yiriklashtirib, sanoat darajasiga olib chiqishga ko‘maklashadi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan ishlar ro‘yxati tasdiqlandi

Farmon bilan 2026 yil 1 yanvardan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxati tasdiqlandi. Unda faoliyatning 72 turi ko‘rsatilgan bo‘lib, ro‘yxat bilan hujjatning 2-ilovasida tanishingiz mumkin.

Tadbirkorlikka endi qadam qo‘yganlar uchun “birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etiladi

Yangi tadbirkorlar “oyoqqa turib olishi” uchun, ayniqsa, ular faoliyat boshlagan birinchi yilda qo‘llab-quvvatlash juda muhim. Masalan, oxirgi uch yilda 17,5 ming korxona tashkil etilganiga bir yil to‘lmasdan tugatilgan.

Endilikda farmon bilan kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchun soddalashgan ma’muriy tartib-taomillar joriy qilinmoqda.

Unga muvofiq, 2025 yil 1 iyuldan 2028 yil 1 yanvarga qadar kichik va o‘rta biznes sub’ektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga moratoriy e’lon qilinadi.

Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’ektlariga yangi tartibga solish vositalarini belgilashni yoki amaldagilarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan “yagona sanadan yangi qoidalar” tamoyili qo‘llanadi va ushbu normalarning kuchga kirish sanasi 1 yanvar yoki 1 iyul etib belgilanadi.

Eng muhimi esa, 2025 yil 1 iyuldan 2028 yil 1 yanvarga qadar “Birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etiladi va uning doirasida birinchi faoliyat yili davomida savdo va tadbirkorlik sohalariga oid ma’muriy huquqbuzarlikni ilk bor sodir etgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi.

Korxonani ixtiyoriy tugatishda yangi tartib

2025 yil 1 sentyabrdan boshlab quyidagi mezonlarga bir vaqtning o‘zida javob beruvchi kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining faoliyatini ixtiyoriy ravishda tugatishda soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi:

– oxirgi uch yilda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadi 10 milliard so‘mdan oshmagan;

– byudjet va kreditorlar oldida qarzdorligi mavjud bo‘lmagan hamda muntazam ravishda soliq hisobotlarini taqdim etayotgan;

– “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past darajada tasniflangan.

Kichik biznes uchun besh yillik strategiya

“Buni xalqaro moliya tashkilotlari ham qo‘llab-quvvatlab, yangi biznes yo‘nalishlari bo‘yicha ilg‘or tajriba, innovatsiya, texnologiya va xalqaro standartlarni joriy qilishda ko‘maklashishga, buning uchun hozirni o‘zida 470 million dollar resurs ajratishga tayyor” degan edi davlatimiz rahbari soha vakillari bilan uchrashuvda.

Farmonga ilova qilingan strategiyaga ko‘ra, mazkur стратеgiяни amalga oshirish natijasida 2030 yilgacha quyidagi natijalarga erishish kutilmoqda:

– kichik va o‘rta biznesning YAIMdagi ulushini – 60 foizga, sanoatda – 40 foizga, eksportda – 35 foizga, aholi bandligini ta’minlashda – 78 foizga yetkazish;

– har 1000 kishiga to‘g‘ri keladigan faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes sub’ektlari sonini 19 taga yetkazish;

– ishchilari soni 100 nafardan yuqori bo‘lgan korxonalar sonini 5 mingtaga, 10 kishidan yuqori bo‘lgan kichik va o‘rta biznes sub’ektlari ulushini 11 foizga yetkazish;

– Jahon bankining “B-Ready” hisobotida va BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi reytingida top-50 hamda Global startap ekotizimi indeksi (Global startup ecosystem index) reytingida top-75 mamlakatlar qatoridan joy olish.

O‘ylaymizki, belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga hamda strategiyadan kutilayotgan natijalarga to‘liq erishiladi. Buning uchun zarur resurslar va imkoniyatlar safarbar etilmoqda.

Umidjon Qurbonov,

O‘zA