Bojxona boshqarmasida matbuot anjumani o‘tkazildi

167

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash barobarida bojxona chegaralari orqali harakatlanayotgan tovar-moddiy boyliklarning bojxona nazoratini amalga oshirish, noqonuniy mahsulotlar kirib kelishining oldini olish, yurtimiz eksport salohiyatini oshirish va importni optimallashtirishda tadbirkorlik sub’ektlariga har tomonlama ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga baho berishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i Z.Turdaliyev va boshqalarning ta’kidlaganidek, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng joriy etilishi natijasida, bugun bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligi ortib, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarining soddalashtirilishi, ularga ketadigan vaqtning qisqarishi bilan bir qatorda, sifat darajasining ortishiga zamin yaratilmoqda. Xususan, bojxona qo‘mitasi tomonidan amaliyotga tatbiq etilgan 40 dan ortiq interaktiv xizmat orqali jismoniy va yuridik shaxslar sohaga oid ochiq ma’lumot va xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yilda qiymati 53,2 million AQSH dollaridan ortiq mahsulot eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirildi. Umumiy qiymati 124,1 million AQSH dollarini tashkil etuvchi respublika tashqi savdo aylanmasining 42,8 foizi tovarlar eksportiga to‘g‘ri keladi.

Respublika hududidan asosan polietilen, kimyo sanoati, ip-kalava, farmatsevtika mahsulotlari, tirik hayvonlar va ularning qismlari, oziq-ovqat va meva-sabzavot mahsulotlari, jun, mo‘yna, teri va ulardan yasalgan buyumlar, to‘qimachilik mahsulotlari, shisha va undan yasalgan buyumlar, tabiiy qazilmalar, elektrotexnika va uning qismlari hamda yog‘och va taxta, ulardan yasalgan mahsulotlar dunyoning Turkiya, Xitoy, Rossiya, Latviya, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Birlashgan Qirollik, Litva kabi davlatlarga eksport qilindi. Texnologik asbob-uskunalar, metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, elektrotexnika va uning qismlari, yog‘och va taxta, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, transport va uning ehtiyot qismlari hamda neft va neft mahsulotlari, tosh, keramika va shisha buyumlari, qog‘oz va undan yasalgan buyumlar kabi umumiy qiymati 70,9 million AQSH dollariga teng mahsulot boshqarma tomonidan import bojxona rejimiga rasmiylashtirildi.

Shuningdek, 2025 yil boshidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan bojxona organlarining o‘z fiskal vazifalarini amalga oshirish doirasida bojxona to‘lovlaridan 96 milliard 344 million so‘m pul mablag‘i davlat byudjetiga o‘tkazilishi ta’minlandi.

Davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan tadbirkorlik sub’ektlariga raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish orqali eksport hajmini oshirish va importni optimallashtirish yo‘lida qabul qilingan qonun hujjatlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, bojxona organlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga jami 102 milliard 473 million so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan imtiyoz qo‘llanildi. Bu esa oldingi yilning mos davriga nisbatan tadbirkorlik sub’ektlariga tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan imtiyozlarning 25 milliard 196 million so‘mga yoki 3 foizga ortganligidan dalolat beradi.

2025 yilning yanvar-fevral oylari davomida boshqarma tomonidan jami 2 ming 197 ta, shundan “yashil” yo‘lak orqali – 713 ta (32,5 foiz), “sariq” yo‘lak orqali – 1 ming 40 ta (47,3 foiz), “qizil” yo‘lak orqali – 444 ta (20,2 foiz) bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan. Ya’ni, bojxona sohasiga ilg‘or innovatsion dasturlarning joriy etilishi natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tasarrufidagi tashqi iqtisodiy faoliyat va Masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari orqali bojxona nazoratiga taqdim etilgan va “yashil yo‘lak”ka yo‘naltirilgan 32,5 foiz tovarga nisbatan bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlari amalga oshirilmadi. Buning natijasida esa, halol tadbirkorlik sub’ektlari qo‘llab-quvvatlanib, tovarlarning o‘z manziliga tez fursatlarda yetkazilishi ta’minlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar ham bojxona organlari faoliyatida tizimli amalga oshirilmoqda. Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikning ta’minlanishi tizimga joriy etilgan zamonaviy axborot tizimlar faoliyati natijasida inson omilining minimallashtirilishi hisobiga yuz bermoqda.

Hodimlarning ishga qabul qilishda rasmiy veb sayt orqali ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlarning saralash bosqichlari butun respublika bo‘yicha bir vaqtda videokonferensaloqa tizimida tashkil etilishi, test javoblarining tizim orqali onlayn chiqarib berilishi, bularning barchasi bugun butun bojxona tizimining raqamlashganligidan hamda uning korrupsiyadan holi tizimga aylanishidagi muhim qadamlaridan sanaladi.

Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA