Xitoyda robotlar savdoga chiqarilmoqda
Xitoyning ilg‘or texnologiya kompaniyalari inson qiyofasiga ega “odamsifat” robotlarni ommaviy sotuvga chiqarishga tayyorlanmoqda. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, bu robotlar sun’iy intellekt, tabiiy nutqni tushunish va mustaqil harakatlanish qobiliyatiga ega bo‘lib, turli sohalarda insonlarga yordam berishga mo‘ljallangan.
Yangi avlod robotlari asosan xizmat ko‘rsatish, ta’lim va tibbiyot sohalarida qo‘llanilishi kutilmoqda. Ular mijozlar bilan muloqot qilish, oddiy topshiriqlarni bajarish va hatto hissiy reaksiyalarni namoyon etish qobiliyatiga ega. Ishlab chiqaruvchilar bu texnologiyalar kelajakda nafaqat hayotni yengillashtirishi, balki mehnat bozoriga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.
Mutaxassislarning fikricha, humanoid robotlarning tijoratlashtirilishi texnologik inqilobning yangi bosqichi bo‘lib, Xitoyni sun’iy intellekt va robototexnika sohasida yetakchi davlatlardan biriga aylantirishi mumkin. Shu bilan birga, bu jarayon avtomatlashtirish sababli ish o‘rinlarining qisqarishi va inson-robot hamkorligi masalalarini ham kun tartibiga olib chiqishi mumkin.
Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA