“Tashkent open”da g‘oliblikka da’vogarlar safi yangilandi

Poytaxtimizda davom etayotgan XVIII “Tashkent open” turnirining ortda qolgan 6-tur bahslari yetakchilikka nomzod shaxmatchilar joylashuvida yangicha ko‘rinishni keltirib chiqardi.
Kecha o‘tkazilgan 6-tur o‘yinlarida ”A” guruhida yetakchilik qilayotgan vengriyalik Sanan Syugirov oq donalarda tailandlik Tin Szinyaoni, turkmanistonlik Saparmurat Atabayev armanistonlik Erik Gasparyanni mag‘lubiyatga uchratishi ortidan, hamyurtimiz Abdumalik Abdusalomov oq donalarda, Muhammadzohid Suyarov qora donalarda hindistonlik Nixal Sarin hamda Leon Lyuk Mendonkaga imkoniyatni boy berishi natijasida g‘oliblikka da’vogarlar safi yangilandi.

Bugun, 26 mart kuni tashkil etiladigan 7-tur o‘yinlari ostonasida vengriyalik Sanan Syugirov 5,5 ochko bilan peshqadamlikni mustahkamlagan vaziyatda 5 nafar shaxmatchi 5, 8 nafari 4,5 ochko bilan sovrindorlik yo‘lidagi kurashni davom ettirmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Humoyun Bekmuratov 4,5 ochko bilan 8, Abdumalik Abdusalomov va Muhammadzohid Suyarov 4 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga 14-15-pog‘onalarni band etishgan.
Terma jamoamiz a’zolaridan Humoyun Bekmuratov 7-turda oq donalarda FIDE bayrog‘i ostida turnirda qatnashayotgan Arseniy Nesterov bilan, Shamsiddin Vohidov qora donalarda eronlik Radin Yadegar bilan ro‘baro‘ keladi.
10 ta turdan iborat bo‘lgan turnir musobaqalari 30 martga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA