Yunon-rum kurashchilarimiz Osiyo chempionatini 4 ta medal bilan boshladi

133

Iordaniya poytaxti Amman shahrida sport kurashlari bo‘yicha o‘tayotgan Osiyo chempionatining yunon-rum kurashi bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 3 ta oltin va 1 bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Vazni -63 kg. bo‘lgan polvonlar o‘rtasida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Aytjan Xalmaxanov chorak finalda Chan Kimni (KXDR) 9:0, yarim finalda Sultan Assetuluni (Qozog‘iston) 16:7, finalda Muhammad Mahdi Abbas Keshtkarni (Eron) 13:4 hisobida yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

-77 kg. vaznda ishtirok etgan polvonimiz Aram Vardanyan qozog‘istonlik Ibragim Magomadov, iordaniyalik Amro Jamal Sadeh, eronlik Alireza Morad Abdevali ustidan g‘alaba qozonib, Osiyo chempioniga aylangan bo‘lsa, Jalgasbay Berdimuratov -87 kg. vaznda barcha raqibini taslim etib terma jamoamiz zaxirasiga uchinchi oltin medalni keltirdi.

Shuningdek, Ixtiyor Botirov (-55 kg) qozog‘istonlik Yerbol Kamaliyev bilan bronza medali uchun kurashda g‘alaba qozondi. Afsuski, -130 kg. vazn toifasidagi kurashchimiz Temurbek Nasimov bronza medali uchun o‘tgan bellashuvda mag‘lub bo‘ldi.

Bugun, 26 mart kuni Alisher G‘aniyev (-60 kg), Nozimjon Boyqo‘ziyev(-67 kg), Abdulla Aliyev (-72 kg), Muhammadqodir Rasulov (-82 kg), Behruz Barnoyev (-97 kg) kabi polvonlarimiz Osiyo chempionligi uchun bahslarga kirishadi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA