Asalarichilik daromadli soha

202

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali tomonidan Nukus tumani “Djubayev Baxtiyar Taylakovich” dehqon xo‘jaligiga media-tur tashkil etildi.

Media-turda ommaviy axborot vositalari vakillari, “Zooinjeneriya” kafedrasining o‘qituvchilari va shu yo‘nalishda tahsil olayotgan talaba-yoshlar ishtirok etib, xo‘jalik faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Dehqon xo‘jaligi B.Djubayev tomonidan 2012 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dastlab 50-100 ta quti asalarining har biridan o‘rtacha 10 kilogrammdan asal olingan. O‘tgan yili esa xo‘jalik ikki ming tonnaga yaqin asal yetishtirishga muvaffaq bo‘ldi. Tadbir ishtirokchilari ushbu natijaga erishishdagi asosiy omillar va texnologiyalar bilan tanishdi.

Xo‘jalikda “Karpat” zotli asalarilar parvarish qilib kelinmoqda. Mazkur zotning o‘ziga xos jihati shundaki, ular sermahsul va sovuqqa chidamli bo‘lib, yil davomida sifatli asal olish imkonini beradi. Hozirda xo‘jalikda minglab “Karpat” zotli asalarilar boqilib, ularning hayot tarzi, oziqlanishi va parvarishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Media-tur ishtirokchilari ushbu asalarilarni saqlash, ularning kasalliklariga qarshi kurashish va samaradorlikni oshirish bo‘yicha qimmatli bilimlarga ega bo‘ldi.

Ishtirokchilarga BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan “Iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi orqali Orolbo‘yi mintaqasida barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash loyihasi” doirasida tashkil etilgan asalni qayta ishlash va qadoqlash ustaxonasi faoliyati ham namoyish etildi. Ushbu ustaxona zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Bundan tashqari, Respublika fermerlar kengashi tomonidan asalari qutilari va romlarini ishlab chiqarish sexi qurib berilgani va uning xo‘jalikdagi ahamiyati haqida batafsil tushuntirish berildi.

Media-tur davomida B.Djubayev o‘zining asalarichilik faoliyati haqidagi tajribalarini ham bo‘lishdi. U 1995 yildan buyon asalarichilik bilan shug‘ullanib kelayotgani va bu soha unga katta qiziqish va mehr bag‘ishlaganini ta’kidladi. Shuningdek, BMT Taraqqiyot Dasturi loyihasi doirasida 120 quti asalari oilasi 24 nafar odamga berilib, ularga asal yetishtirish sirlarini o‘rgatdi.

Tadbir ishtirokchilari asal ishlab chiqarish jarayonlari bilan joyiga chiqqan holda tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri.