Kiberkorrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yo‘l xaritasi va ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi

222

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shu jumladan, kiberkorrupsiya sohasidagi huquqiy asoslarni takomillashtirish masalasi senator va deputatlar e’tibor markazida.

Shu maqsadda Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasining qo‘shma majlisi tashkil etildi.

Majlis doirasida kiberkorrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy harakatlar rejasini qamrab olgan qo‘shma yo‘l xaritasi va ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.

Ushbu hujjat kiberkorrupsiyaga qarshi samarali kurashish, mustahkam huquqiy baza yaratish, korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan loyihalarni amaliyotga joriy etish, yoshlar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish va media kontentlarni tayyorlash kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ishchi guruh faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha vazifa yuklatildi. Agentlik huzurida axborot-tahlil guruhi tashkil etilib, u kiberkorrupsiyaga oid ma’lumotlarni jamlash, tahlil qilish va natijalarni Oliy Majlisga taqdim etish bilan shug‘ullanadi.

Majlisda Yoshlar ishlari agentligiga “Korrupsiya – kelajakka tahdid” g‘oyasi asosida yoshlar o‘rtasida kiberkorrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirish va samarali profilaktika tizimini ishlab chiqish yuzasidan takliflar tayyorlash vazifasi topshirildi.

Vazirlik va idoralarga “Yo‘l xaritasi” doirasida belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Majlis yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan qo‘mitalarning qo‘shma qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA