Mahalla xodimlari taqdirlandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh soha fidoyilarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etib, yig‘ilganlarni bayram bilan muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tashkil etilib, mahallalarni boshqarishda mutlaqo yangicha tizim – “Mahalla yettiligi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 36 ta mahalla binosi yangidan qurilib, 4 ta mahalla binosi joriy va 3 ta mahalla binosi kapital ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi. Mahallalarni obodonlashtirishda Prezidentimizning 2023 yil 13 iyuldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘tgan davr mobaynida mazkur qaror asosida ajratilgan 226 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 452 ta mahalla doirasidagi 2 ming 372 ta loyiha to‘liq ishga tushirildi.
Tadbir yakunida bayram munosabati bilan bir guruh soha fidoyilari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va O‘zbekiston mahallalar uyushmasining ko‘krak nishonlari hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri