Poytaxt mamlakatda bo‘layotgan o‘zgarishlarni o‘zida yorqin ifoda etaveradi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 mart kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Mamlakatimizda investorlarga yaratilgan qulayliklar tufayli iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushi oshib bormoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar kiritilib, sanoat, qurilish, savdo, xizmat ko‘rsatish sohalarida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Poytaxtimizning Yunusobod tumanida barpo etilgan “High Town City” majmuasi shulardan biri. U keng qamrovli bo‘lib, savdo va ko‘ngilochar markazi, biznes markazi, mehmonxona va zamonaviy turar joylarni o‘z ichiga olgan. Bunga 510 million dollar to‘liq xorijiy investitsiya yo‘naltirilgan.
Davlatimiz rahbari savdo markazidagi zamonaviy tijorat va xizmat turlarini ko‘zdan kechirdi. 4 qavatli binoda savdo do‘konlari, jumladan, mashhur brendlarning shoxobchalari ochilgan. Restoran va kafelar, ko‘ngilochar o‘yingohlar, sport maydonlari, kinoteatrlar el xizmatida. Yer ostida avtoturargoh bor.
Bir so‘z bilan aytganda, bu yerda odamlar savdo qilishi, dam olishi, sport bilan shug‘ullanib, vaqtini chog‘ o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Majmua bir kunda 5 ming kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Unda 1 ming 500 kishi ish bilan ta’minlandi.
Prezidentimiz majmuaning iqtisodiy ahamiyati va aholi uchun qulayligini e’tirof etib, investor va tadbirkorlarga ko‘mak berish bundan keyin ham davlatimiz siyosatining strategik yo‘nalishi bo‘lib qolishini ta’kidladi. Milliy mahsulotlarimizni brendga aylantirish, ularni tashqi bozorlarda tanishtirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Savdo markazida shinam kitob do‘koni ham ochilgan. Shavkat Mirziyoyev bu tashabbusni olqishlab, metro bekatlari, kutish joylarida ham mo‘’jaz kitob do‘konlari tashkil etish maqsadga muvofiqligini aytdi.
Davlatimiz rahbari o‘yin maydonchasidagi bolajonlarni ko‘rib, samimiy mehr-e’tiborini izhor etdi. Bugungi barcha sa’y-harakatlar mamlakatimiz kelajagi uchun qilinayotgani, buning uchun bolalar yaxshi o‘qib, aqliy va ijodiy salohiyatini rivojlantirib borishi kerakligini ta’kidladi.
Yaqinda 24 qavatli, besh yulduzli mehmonxona ham barpo etilishi rejalashtirilgan. Unda 250 ta xona bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 430 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Katta va kichik konferensiya zallari, suzish havzalari, restoran va do‘konlarda zamonaviy qulayliklar yo‘lga qo‘yiladi.
Davlatimiz rahbariga shu yerda quriladigan zamonaviy uy-joylar loyihasi taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, 1 ming 500 ta xonadondan iborat 28 ta ko‘p qavatli uy bunyod etiladi. Majmua hovlisi avtomobillar uchun yopiq va yashil hudud bo‘ladi. Bolalar bog‘chasi, o‘yin maydonchasi, tennis korti, yerosti avtoturargoh tashkil etiladi. Majmua hududi to‘liq Wi-Fi bilan qamrab olinadi hamda binolarda shovqinsiz liftlar o‘rnatiladi.
Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish loyihalari ham ko‘rib chiqildi. Ma’lumki, Toshkent metropolitenini Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgan. Prezidentimiz avval taqdim qilingan loyihalarni qayta ko‘rib chiqish, boshqa muqobil takliflar kiritish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shunga muvofiq tayyorlangan yangi loyihaga ko‘ra, metropolitenning Chilonzor yo‘nalishi Toshkent traktor zavodi dahasigacha uzaytiriladi. Bu tarmoq 30 ta mahalla, 148 ming aholini qamrab oladi.
Yana bir loyihaga ko‘ra, Bektemir tumanida Chirchiq daryosi yaqinida ko‘p qavatli uylar, savdo va xizmat binolari qurish ko‘zda tutilgan. Buning natijasida tumanda urbanizatsiya jadallashib, yangi markaz paydo bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Bektemir tumaniga tashrifi chog‘ida Iykota mahallasida bo‘lib, qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Bu yerdagi 37 ta ko‘p qavatli uy va 1 ming 400 ta hovlida 6 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mamlakatimizda mahallabay amalga oshirilayotgan manzilli ishlar Iykotada ham o‘z natijasini bermoqda. Yangi ko‘p qavatli uylar qurilgan. Yo‘laklar va ichki ko‘chalar ta’mirlangan. Maydonchalarga gul va maysalar ekilgan.
O‘tgan yili uch qavatli mahalla idorasi foydalanishga topshirilgan edi. Endi davlat byudjeti hisobidan 358-umumta’lim maktabi qurildi. Prezidentimiz ushbu yangi muassasani ko‘zdan kechirdi.
Ta’lim tizimiga bo‘layotgan e’tiborning yorqin ifodasini bu yerda ham ko‘rish mumkin. Qariyb ming o‘rinli maktabda fan xonalari, kompyuter va xorijiy til xonalari, robototexnika to‘garagi, laboratoriya zarur o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan. Kutubxona, sport zali, futbol maydoni va oshxonada bolalar uchun keng qulayliklar yaratilgan.
Pedagoglar bilan muloqot chog‘ida bolalarning qobiliyatini to‘g‘ri shakllantirish, kasbiy ta’limni rivojlantirib, bitiruvchilarni kasb-hunarli qilib hayotga yo‘llash muhimligi ta’kidlandi. Xususan, axborot texnologiyalari, robototexnika, muhandislik kabi yo‘nalishlarni kengaytirish, o‘smirlarda harbiy-vatanparvarlik ruhini kuchaytirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.
Mahalladagi yangi uylarning birinchi qavatlarida ikkita xususiy bog‘cha tashkil etilgan. Ularning Navro‘z arafasida ochilgani ota-onalar uchun bayramona tuhfa bo‘ldi.
Ichki imkoniyatlarni ishga solib, aholi bandligini ta’minlash tamoyili bu mahallada ham namoyon. 70 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 2 ta ishlab chiqarish korxonasida ko‘pchilik ro‘zg‘or tebratayapti. Prezidentimiz farmoyishi bilan e’lon qilingan dolzarb bir oylik doirasida tomorqadan unumli foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish qizg‘in davom etmoqda.
“Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida ko‘chat ekib, yashillik yaratish ko‘lami kengaydi. Poytaxtimizning Bektemir tumanida yana bir boqqa asos solindi.
Prezidentimiz davlat tashkilotlari va jamoatchilik vakillari bilan birga bu yerda ko‘chat ekdi.
Iykota, Majnuntol, Zilola, Rohat va Iqbol mahallalari orasidagi bu hudud avval qarovsiz joy edi. Elning birligi bilan yana bir yashil makon, aholi hordiq chiqaradigan park paydo bo‘lmoqda. Uch gektarlik hududga o‘rmon konsepsiyasi asosida uch ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Ularning sug‘orilishi va parvarishiga mas’ullar biriktirildi.
Mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar bilan samimiy muloqot bo‘ldi. Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillariga ushbu xayrli tashabbusga hissa qo‘shayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Barchani kirib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.
Prezident tashabbusi bilan e’lon qilingan dolzarb bir oylik doirasida mahallalarda dehqonchilik va obodonlashtirish ishlari safarbarlik bilan olib borilmoqda.
Bahorda 125 million tup ko‘chat ekilishi mo‘ljallangan. Bunda ekin joylarini to‘g‘ri tanlash, sug‘orishni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi bog‘da ekilgan ko‘chatlar ana shu ezgu amalning davomi bo‘ldi.
“Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili Davlat dasturiga muvofiq, bu yil ko‘chatchilikka ixtisoslashgan 18 ta o‘rmon xo‘jaligi tashkil qilinadi. Ularda “ilm–loyiha–amaliyot” tamoyili asosida genetik seleksiya ishlari kuchaytirilib, plantatsiyalar kengaytiriladi. “Yashil olam” platformasi ishga tushirilib, ko‘chatlarni onlayn sotib olish yo‘lga qo‘yiladi.
Yurtimizning barcha joylarida Navro‘z ayyomi ko‘tarinki ruhda kutib olinmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev Bektemir tumani Rohat mahallasiga tashrif buyurib, bayram saylida ham qatnashdi.
Xizmat ko‘rsatish va savdoga ixtisoslashgan mahallada 4 ming nafar aholi yashaydi. Bandlikni ta’minlash bo‘yicha yangi tizimga muvofiq, banklar ishtirokida mahallaning ichki imkoniyatlari yuzaga chiqarilmoqda. O‘tgan yili yuzga yaqin aholi ishga joylashtirilgan, 256 nafari o‘zini o‘zi band qilgan, 13 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshlagan. Ikkita ishlab chiqarish korxonasi, o‘nlab savdo va maishiy xizmat shoxobchalari odamlarga qulaylik yaratmoqda.
Prezidentimiz ushbu korxonalarni ko‘zdan kechirdi.
Mahallada ko‘chalar obod, xonadonlar saranjom-sarishta. Ta’lim va tibbiyot muassasalari, sport maydonchalari, o‘quv markazi, amfiteatr, hunarmandlar va axborot-kutubxona markazlari, nuroniylar maskani faoliyat yuritmoqda.
Davlatimiz rahbari ushbu maskanda tashkil etilgan sumalak saylida qatnashdi, mahalla faollari, nuroniylar bilan samimiy suhbatlashdi. Muloqotda joriy yilgi rejalar, jumladan, tinchlik-osoyishtalikni saqlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish haqida so‘z yuritildi.
– Mahallangizdagi obodlikni, odamlarning kayfiyatini ko‘rib, mamnun bo‘ldim. Vaqti bilan barcha tumanlardagi imkoniyatlarni oshiramiz. Buning uchun eng asosiysi – tinchlik-ahillik kerak. Ilgari chegaralarimizda vaziyat qanday edi? Vazminlik bilan, siyosiy iroda bilan hamma masalalarga yechim topayapmiz. Barcha ishlarni quyi tizimda tashkil qilganimiz uchun 10 mingga yaqin mahallaning holati yaqqol namoyon. “Mahalla yettiligi” orqali xonadonga yetib borilayapti. Odamlarning daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar siyosatida hali ishlarimiz ko‘p. Shuning uchun ta’limga, o‘g‘il-qizlarni o‘qitishga katta e’tibor berishimiz kerak. Yoshlari bilimli va ma’naviyatli jamiyat, albatta, farovonlikka erishadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Rohat mahallasida umumta’lim maktabi, bolalar musiqa va san’at maktabi, “Barkamol avlod” markazi, akademik litsey faoliyat yuritmoqda. Yaqinda yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti qurib bitkazildi. Bular ham yoshlar ma’rifatini oshirishga xizmat qiladi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbirlari