Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda

261

Shumanay tumani Yoshlar ishlari bo‘limi tashabbusi bilan “Momiy” ovul fuqarolar yig‘ini hududida 2 gektardan ziyod maydonda “Yoshlar bog‘i” tashkil etildi.

Ko‘chat ekish ishlariga yoshlar bilan birga tuman sektor rahbarlari, faollar va nuroniylar ham o‘z hissasini qo‘shdi. Tuman hokimligi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan “Yoshlar bog‘i” hududiga 300 tup mevali ko‘chat hamda bog‘ atrofidagi ariqlarga 300 tup tut ko‘chati o‘tqazildi.

***

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 24 dekabr kungi “2025 – 2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan Xo‘jayli tumanida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Nukus shahrini Xo‘jayli tumani bilan bog‘lovchi D232 (4R174) “Nukus shahri – Xo‘jayli shahri” avtomobil yo‘lining 0–11 kilometri oralig‘ida rekonstruksiya ishlari davom etmoqda. Ayni paytda mazkur yo‘lning 6–8 kilometr oralig‘ida asfalt yotqizish ishlari amalga oshirilmoqda. Rekonstruksiya ishlari Qipchoq yo‘llardan muntazam foydalanish davlat muassasasi tomonidan amalga oshirilib, bu ishlarga jami 10 ta maxsus texnika, 20 nafar ishchi jalb etilgan.

***

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati A.Djumanazarov tomonidan umumxalq Navro‘z bayrami va Ramazon oyi munosabati bilan Kegeyli tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 40 ta oilaga bayram sovg‘alari topshirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar saxovatli yordam mamlakatimizda inson qadri uchun amalga oshirilayotgan ishlar samarasi ekanligini ta’kidlab, barchani bayram bilan muborakbod etdi.

Xayriya tadbiri boshqa tumanlarda ham o‘tkazildi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri