Nukusda “O‘zbekiston-Xitoy” biznes forumi bo‘lib o‘tdi

221

Nukus shahridagi “Oq qush” majmuasida “O‘zbekiston-Xitoy” biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Xitoy Xalq Respublikasidan ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya, mutasaddi rahbarlar, mahalliy tadbirkorlar ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan do‘stlik hamda yaqin sheriklik munosabatlarni mustahkamlashga asos bo‘lib xizmat qilayotganini, shuningdek, Orolbo‘yida investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha berilgan imtiyozlarni ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi “One Belt One Road” International Industry kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Chjou Szyunpin, Urimchi savdo palatasi vitse-prezidenti va “Xinjiang Hengyuan Zhonghui Color Printing Packaging Co., Ltd.” raisi Chjan Motszyun, “One Cloud China Technology Co., Ltd.” rahbari Su Yuxang, “Ji An Tai International Industries” Bosh direktori o‘rinbosari Lyu Syauyan o‘z nutqlarida so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lami izchil kengayib, savdo va sarmoyaviy sheriklik yildan-yilga  mustahkamlanib borayotganini qayd etdi.

Mehmonlar O‘zbekistonda qulay biznes yuritish, tadbirkorlar huquqi va manfaatini himoya qilish uchun yaratilgan shart-sharoitlardan, mamlakatimiz sarmoyaviy va sanoat salohiyatining muhim jihatlaridan mamnun ekanliklarini alohida ta’kidladi.

Forum investitsion imkoniyatlarni muhokama qilish, tadbirkorlik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun o‘ziga xos maydonga aylandi va bir qator muhim kelishuvlarga erishildi.

Tadbir doirasida mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi, mintaqa iqtisodiyotining istiqbolli tarmoqlari bo‘yicha panel muhokamalari, “B2B” uchrashuvlari va taqdimotlar o‘tkazildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat+video), O‘zA