Senatning beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi

Bugun, 2025 yil 17 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilmoqda. Majlis jarayonlari Senatning YouTube tarmog‘idagi rasmiy sahifasi orqali onlayn yoritilmoqda.

Majlisda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, Senat hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari oldida turgan vazifalar ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, Suv kodeksini tasdiqlash, qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish, kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yanada takomillashtirish, zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish va yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash hamda jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirish, sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga, qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqqa solish hollarining oldini olishga qaratilgan qonunlar muhokama qilinadi.

Yalpi majlisda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning 2024 yildagi faoliyati bo‘yicha hisobotlari eshitiladi.
Shuningdek, bir qator xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish, o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari to‘g‘risidagi masalalar ham majlis kun tartibidan o‘rin olgan.
Majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida batafsil yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
Norgul Abduraimova,
Nosir Haydarov (surat),
O‘zA