Tadbirkor ayollarga garovsiz kredit beriladi

171

“Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2025 yilda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:

– 2 million nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlash;

– 250 ming nafar xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish;

– 250 ming nafar xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish;

– 50 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish hamda ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha motivatsion seminarlar tashkil etish.

“HAMROH” tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida 2025 yil 1 maydan:

– xotin-qizlarga “yashil loyihalar” va IT sohasidagi loyihalarni amalga oshirishiga, shuningdek, kamida 5 nafar xotin-qizning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashgan 1 ming nafar “ustoz” tadbirkorlarga 50 million so‘mgacha grant ajratish yo‘lga qo‘yiladi;

– ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi;

– ayol tadbirkorlar tomonidan kredit hisobidan sotib olinayotgan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kafillik taqdim etilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga muvofiq, quyidagi imkoniyatlarga ega “Tadbirkor ayollar” platformasi 2025 yil 1 iyulgacha ishga tushiriladi:

– ayol tadbirkorlarga xomashyo sotib olishga ko‘maklashish;

– o‘zaro kooperatsiyani kengaytirish va mahsulotlarni sotish uchun bozor topish;

– zarur mutaxassislarni izlash va ishga qabul qilish;

– loyihalar doirasida yuzaga kelayotgan muammolarini aniqlash va ularga yechim topish.

2025 yil 1 maydan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Hamkor tadbirkor” dasturi yo‘lga qo‘yiladi:

– o‘z biznesini tashkil etmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish;

– kooperatsiya asosida xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish;

– mahalliy va xalqaro elektron platformalarda xotin-qizlarga o‘z mahsulotlarini joylashtirish va sotishga ko‘maklashish.

2025 yil 1 avgustgacha Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish strategiyasi tasdiqlanadi.

Yetakchi ishbilarmon ayollardan iborat Tadbirkor ayollar kengashi tashkil etiladi.

O‘zA